Yangi interfaol shaklda tashkil etilgan seminarlar “Zamonaviy menejment va biznesni yanada rivojlantirish faktorlari”, “Jamoa boʻlib ishlash va boshqa resurslarni optimal boshqarish aspektlari”, “Investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish boʻyicha ilgʻor va innovatsion metodologiyalar”, “Hududlarni rivojlanishda yirik investorlarning oʻrni” kabi yoʻnalishlarda oʻtkazilyapti. Kurslarda Vazirlikning barcha 221 hududiy boʻlinmasining rahbarlari qatnashmoqda. Ular bir vaqtning oʻzida mamlakatimiz viloyatlari, tumanlari va shaharlari darajasidagi hokimlarning oʻrinbosarlaridir.
Maʼruza va mahorat darslarini oʻtkazish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda biznes, investitsiyalar va savdo sohasidagi yetakchi mutaxassislar, shu jumladan “Korzinka.uz” chakana savdo tarmogʻi, “Ernst & Young” auditorlik-konsalting kompaniyasi, Germaniyaning “SAP” kompaniyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, “M-Faktor” biznes-markazi, “Biznes Kvadrat” va “Yuksalish” oʻquv markazi, shuningdek, “Cambridge International college and Unversity” xususiy maktabining rahbarlari jalb etildi.
Tinglovchilar “case study” shaklida investorlar va investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlari bilan ishlash, biznes-muzokaralar olib borishning ilgʻor xorijiy tajribalari, hududlarga investitsiyalar jalb qilishning amaliy jihatlari, investitsiyaviy loyihalar va biznes-rejalarni ishlab chiqish, SWOT-tahlilini oʻtkazish, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun raqamlashtirish komponentlarini kiritishning zamonaviy usullarini oʻrganmoqdalar. Hududlarning investitsiyaviy faolligini rivojlantirish va oshirish maqsadida tashkil etilgan loyiha guruhlari va loyiha ofislari ishini yoʻlga qoʻyish hamda investitsiyaviy loyihalar tashabbuskorlariga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha ham alohida treninglar oʻtkazilmoqda.
Treningning birinchi kunida tinglovchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda seminar ishtirokchilari oʻzlarining faoliyati jarayonida amaliyotda duch keladigan dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi. Xususan, xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlar, Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etishning eng samarali mexanizmlari, sanoat va hududlarning eksport salohiyatini oshirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va yangi ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish tamoyillari koʻrib chiqildi.
Loyiha guruhlari tomonidan hududlarning iqtisodiy salohiyatini chuqur tahlil qilish, mavjud ishlab chiqarish va logistika infratuzilmasini oʻrganish va bozor sharoitlarini hisobga olgan holda investitsiya gʻoyalarini shakllantirishni nazarda tutadigan “quyidan yuqoriga” tamoyili asosida qurilgan investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini ragʻbatlantirishning yangi tizimini amaliyotga joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Vazirlikning hududiy boʻlinmalari rahbarlarining malakasini oshirish boʻyicha amaliy oʻquv seminarlari joriy yilning 29-dekabriga qadar davom etadi.