Shtab xodimlari mahalliy tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar oʻz amaliyotda duch keladigan tizimli va xususiy xarakterdagi muammolarni aniqlash maqsadida ular bilan manzilli tarzda hamkorlik qilib kelyapti.

Qabul qilingan maʼlumotlar har tomonlama tahlil qilinadi, uning natijalari asosida tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar va algoritmlar ishlab chiqiladi. Tadbirkorlarning muammoli masalalari ham puxta oʻrganilib, aniqlangan masalalarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga koʻrsatmalar beriladi.

Taʼkidlash joizki, Shtabda koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar samaradorligini nazorat qilish mexanizmi joriy qilingan, xususan, tegishli muvofiqlashtiruvchi kichik guruh tadbirkorlar bilan bevosita muloqotda boʻlib, vazirlik va idoralar tadbirkorlarning murojaatlariga qanchalik tez va samarali javob berayotganligini aniqlaydi.

Har bir kunning oxirida Shtab faoliyatining natijalari yuzasidan tezkor hisobot shakllantiriladi va tahlil qilish uchun Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish boʻyicha Hukumat komissiyasiga yuboriladi.

Ushbu tahlil davomida aniqlangan tizimli muammolar investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, yanada foydali logistika yoʻnalishlarini kashf etish, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish va xorijiy sheriklar bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish maqsadida ham har tomonlama oʻrganilyapti.

Shtab tunu kun ish olib boradi. Tadbirkor va eksportchilar oʻz muammolari bilan, shuningdek oʻzlarini qiziqtirgan masalalar boʻyicha maslahat olish uchun istalgan vaqtda Shtab xodimlari bilan bogʻlanishlari mumkin. Barcha masalalar qisqa muddatda oʻrganiladi va hal qilinadi.

Murojaatlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining koll-markazi tomonidan keyinchalik Shtabga tezkor ravishda yuborish uchun qabul qilinadi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati. Shuningdek, xabar orqali aloqaga chiqish uchun quyidagi havolada qoʻshimcha maʼlumotlar maʼlum qilingan.