Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov hamda Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi ishtirok etdi.
Muloqot davomida D.Satibaldi qozogʻistonliklar Oʻzbekistonda taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va mamlakat oliy taʼlim muassasalariga eng ilgʻor texnologiyalar joriy etilayotganini yuksak qadrlashini taʼkidladi. “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti kutubxonasining Buyuk Ipak yoʻlidagi turizm, tarixi va madaniyatiga oid jahon adabiyoti bilan jihozlangan kutubxonaning shakllantirilishi mamlakatimizda kadrlar malakasini yanada yuksaltirish hamda Markaziy Osiyoda turizm industriyasini rivojlantirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
A.Abduhakimov Qozogʻiston tomonining tashabbusi uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan turizm sohasini rivojlantirish, bu yoʻnalishda kadrlar tayyorlash, yangi mintaqaviy turistik yoʻnalishlarni joriy etish boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyoga tashrif buyuruvchi mamlakatlar uchun yagona “SilkVisa”ning tez orada yoʻlga qoʻyilishida hamkorlik qilishga tayyor ekanligini taʼkidladi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilda Samarqand shahrida Turizm va sport vazirligi huzurida tashkil etilgan. Mazkur oliy taʼlim muassasasini ochishdan maqsad mamlakat turizm industriyasining kadrlar salohiyatini va turizm sohasida xalqaro akademik hamkorlikni mustahkamlash, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning tarixiy-madaniy va gumanitar aloqalarini rivojlantirishdan iborat.