Prezident qarori va farmoni bilan poytaxtdagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijonning Marhamat tumaniga ko'chirilmoqda. Institutning hozirgi joylashgan hududi — Shayxontohur tumanidagi “Ipakchi” MFY aholisi esa muassasa atrofidagi 18 mingga yaqin daraxtning keyingi taqdiridan xavotirda, deb yozmoqda vaziyatni o'rgangan Gazeta.uz.

— Institut ko'chganidan keyin bu erdagi tutzorlarning taqdiri nima bo'lishidan biz bexabarmiz. O'ylaymanki, mutasaddi tashkilotlar, biz ko'chganimizdan keyin bu erga keladiganlar hammasini saqlab qolib, tabiiy kislorod beradigan holatni asrash choralarini ko'radi, — deydi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Shuhrat Abdulazizov.

Ma'lum bo'lishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi mas'ullari tomonidan Toshkent shahridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududi va plantatsiyasidagi daraxtlar holati o'rganilgan. Endilikda, daraxtlarni saqlab qolish va muxofaza qilish maqsadida Institut hududidagi barcha daraxtlar qayta xatlovdan o'tkazilishi aytilmoqda.