Maʼlumki, ish joyidagi baxtsiz hodisalar va kasalliklarning oldini olish maqsadida 28-aprel kuni Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni nishonlanadi.
Har yili bayram maʼlum bir shior ostida oʻtkaziladi. 2024-yilda Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunining mavzusi – “Iqlim oʻzgarishining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga taʼsiri”. Chunki ob-havo sharoitidagi oʻzgarishlar faoliyat sohasiga, ayniqsa, xodimlar xavfsizligi va sogʻligʻiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.
Ushbu sana munosabati bilan Konimex tumani Zafarobod qoʻrgʻonidagi “Yangi hayot” sogʻlomlashtirish majmuasida «Navoiyuran» davlat korxonasi va uning tarkibiy boʻlinmalari mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi xizmati mutaxassislari ishtirokida koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.
Unda «Navoiyuran» DK mehnat muhofazasi va barqaror rivojlanish boʻyicha direktor S.Nurnazarov, 6-birlashgan Kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi D.Temirov, Boshqarma mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi xizmati mutaxassislari soʻzga chiqib, korxonada mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi muammolariga eʼtiborni kuchaytirish, xavfsizlikni taʼminlash, ishchilarning mavjud ishlab chiqarish xatarlari va ulardan himoyalanish yoʻllari haqida xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish muhimligini taʼkidlashdi. Shuningdek, barchani kasb bayramlari bilan tabrikladilar.
Seminar doirasida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik masalalariga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etildi. Unda “NKMK jamgʻarmasi” DM Zarafshon hududiy boshqarmasining «Agama» toʻqimachilik-trikotaj fabrikasi, “Liniya zaщitы” kompaniyalar guruhi, Germaniyaning «UVEX» kompaniyasi hamda FF-SAFETU-GROUP firmasi mutaxassislari ishchi-xodimlar uchun taqdim qilgan maxsus ish kiyimlari-yu shaxsiy himoya vositalarini namoyish etdi.
Yana seminar ishtirokchilari uchun tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha oʻtkazilgan mahorat darslari foydali va qiziqarli boʻldi. Buning natijasida ular favqulodda holatlarda asosiy harakatlarni yana bir bor mashq qilishdi.
Tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasining tarkibiy boʻlinmalarida sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratishda oʻz hissasini qoʻshgani uchun va Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan bir guruh muhandis-texnik xodimlarga korxona rahbariyatining tashakkurnomalari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.