Toshkent viloyati delegatsiyasi Malayziyada

    Bo'sh vaqtda 3 Iyun 2025 528

    Yoshlar – jamiyatning eng muhim qatlami boʻlib, ular mamlakatning kelajagini belgilab beradi. Shu sababli yoshlarning taʼlim olishi, kasb egallashi, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

    Toshkent viloyati hokimligining tashabbusi bilan taʼlim, ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yoʻnalishi boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganish maqsadida viloyatning bir guruh delegatsiya aʼzolari joriy yil 19-23-may kunlari Malayziya davlatiga xizmat safarini amalga oshirdi.

    Xorijiy xizmat safarida delegatsiya aʼzolari Toshkent viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari O.Sultanbekov, viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi M.Yuldoshov, viloyat Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshligʻi N.Kulbekova, viloyat Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining boʻlim boshligʻi U.Ubaydullayev, TDTU Olmaliq filiali direktori A.Samadov, “Zakovat” klubi prezidenti A.Abdullayev Asia Pasifik University of Texnology innovation universiteti vakillari Gurpardeer Singh, Adrian Chan, Ho Chin Kuan bilan uchrashdilar.

    Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Asia Pasifik University of Texnology innovation universiteti 1993-yilda tashkil etilgan boʻlib, QS World University Rankings 2025: #611–620 oʻrinda, QS “5 Stars Plus” reytingli yagona universitet hisoblanadi. Mazkur universitetda 13 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, 130 dan ziyod mamlakatdan kelgan xorijiy talabalar mavjud. “Best Tech University” va “Best Future Ready University” mukofotlari: PC.com tomonidan 2024-yilda taqdirlangan yirik va keng qamrovli taʼlim muassasasi hisoblanadi.

    Uchrashuv davomida TDTU Olmaliq filiali va mazkur universitet oʻrtasida energetika yoʻnalishida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish hamda akademik mobillik asosida ilmiy stajirovkalarni tashkil etish masalalari boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shuningdek, delegatsiya aʼzolari UCSI International School – maktabida boʻlishdi. Mazkur maktabda Cambridge IGCSE xalqaro miqyosda tan olingan oʻrta taʼlim dasturi, boshlangʻich taʼlim uchun moʻljallangan xalqaro International Primary Curriculum (IPC) dasturi, International Baccalaureate (IB): PYP, MYP, DP dasturlari asosida taʼlim beriladi. Maktab Apple va Microsoft bilan hamkorlikda texnologik integratsiya olib boradi. Oʻquvchilarning yoshi 3-16 yoshgacha boʻlib, Finnish Experience Flagship School» maqomiga ega.

    Toshkent viloyati delegatsiyasi UCSI International School vakillari Lain Slade, Willie Tan bilan ham uchrashdilar. Uchrashuv jarayonida xorijiy mutaxassislar Cambridge assessment va IPC oʻquv dasturlari boʻyicha maʼlumot berdilar. Toshkent viloyati va UCSI maktablar tarmogʻi bilan oʻquvchi hamda oʻqituvchilar almashinuvi dasturini yoʻlga qoʻyish kelishib olindi. UCSI maktabi rahbariyati Toshkent viloyatida mazkur maktab filialini tashkil qilish taklifiga qiziqish bildirdi. Yaqin kelajakda mutaxassislar tomonidan ushbu loyiha ustida ish olib boriladi.

    Malayziyada taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashuv tashkil etilib, Respublika “Zakovat” klubi prezidenti A.Abdullayev tomonidan intellektual oʻyin turniri oʻtkazildi.

    Eng rivojlangan mamlakatlar taʼlim texnologiyalarini oʻrganib, maqbulini joriy etish xorijiy xizmat safarlaridan koʻzda tutilgan asosiy maqsaddir.


    Hamkorlik materiali