2022-yil 27-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga raisligi doirasida SHHTga aʼzo davlatlarning atrof-muhit masalalari boʻyicha masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Gibrid formatda tashkil etilgan yigʻilishda SHHTga aʼzo davlatlarning (Hindiston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Islomiy Pokiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi) atrof-muhit masalalari boʻyicha masʼul vazirlik va idoralari hamda SHHT Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi N.Oblomuradov olib bordi.
Yigʻilish avvalida delegatsiyalar rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi holati va rivojlantirish istiqbollari toʻgʻrisida taqdimot qildilar.
Iqlim oʻzgarishi va ekologik muammolar chegara bilmaydi. Ular bilan kurashish esa global, mintaqaviy va milliy miqyosdagi kompleks saʼy-harakatlarni talab etadi. Ekologik xavf-xatar tobora keskin tus olayotgan bir davrda bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish SHHTga aʼzo davlatlar uchun jiddiy ahamiyatga ega. Shu sababli ham keyingi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni institutsionallashtirish yoʻlida SHHT doirasida qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Yigʻilishda tomonlar 2021-yil 17-sentyabr kuni Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida tasdiqlangan “SHHTga aʼzo davlatlarning 2022-2024-yillarga moʻljallangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasi”ni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, yigʻilishda tomonlar “SHHTning ekologik axborot almashinuvi uchun yagona platformasini birgalikda yaratish dasturi”ni qabul qildilar.
Yigʻilish yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning atrof-muhit masalalari boʻyicha masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining 2023-yilda oʻtkaziladigan navbatdagi toʻrtinchi yigʻilishiga Hindiston Respublikasi raislik qilinishi maʼlum qilindi.
Bir soʻz bilan aytganda, SHHTga aʼzo davlatlar atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlarining Toshkent uchrashuvi Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan faol ekologik diplomatiyaning navbatdagi eng muhim natijasi boʻldi.