Darhaqiqat, yoshlarning taʼlim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoitlar yaratilmoqda. Oʻtgan 6 yil mobaynida oliy oʻquv yurtlari soni 77 tadan 170 taga yetdi. 31 ta xorijiy va 27 ta nodavlat OTMlar tashkil etildi. Shunga koʻra, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 32 foizga oshirildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, yoshlarga oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun 20 dan ortiq imtiyoz berilgan boʻlib, ularning koʻpi davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi. Talabalarga ham turli imtiyoz va imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, talabalar uchun toʻlov-kontrakt miqdorini oʻquv yili davomida teng ulushlarda toʻrtga boʻlib toʻlash huquqi berildi.
Joriy oʻquv yilida tahsil olayotgan talabalarning 47 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab, bazaviy toʻlov-kontrakt asosida davlat oliy taʼlim muassasaga qabul qilingan.
Eʼtiborga molik yana bir yangilik sifatida 2022-yilning 18-iyulda Prezidentimizning “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganini aytishimiz mumkin. Qarorga muvofiq, 2022-2023 oʻquv yilidan boshlab, oliy taʼlim muassasalarining barcha shaklida oʻqiyotgan talaba qizlar uchun 7 yilga moʻljallangan foizsiz kreditlar ajratilishi yoʻlga qoʻyildi. Talaba oʻqishni bitirganidan soʻng 7 oydan boshlab, olgan kreditlarini qaytaradi.
Magistratura mutaxassisligida joriy oʻquv yilida talabalarning 23 ming nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Endilikda magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakti toʻliq davlat byudjetidan qoplab berilishi jamiyatimizda xotin-qizlarga boʻlgan eʼtiborning yana bir koʻrinishi deya olamiz.
Muhim oʻzgarishlardan biri oʻqishga kirishda xotin-qizlarga, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun grantlar ajratildi. Eng muhimi, oʻtgan yildan boshlab davlatimiz xalqaro va nodavlat oliy taʼlim muassasalariga grant berila boshladi. Bilimi bor, ammo moddiy taraflama qiynalgan yoshlar uchun bu katta imkoniyat.
Tizimda qabul va taʼlim jarayoni raqamlashtirilgan. Bundan 3-4 yil oldin abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish uchun har xil tashkilotlardan turli maʼlumotnomalar soʻralardi. Hozirda mazkur jarayonning barchasi raqamlashtirildi.
Nafaqat taʼlim, balki uzoqdan kelgan talabalarning istiqomat qilishlari uchun ham muhim shart-sharoitlar tatbiq qilindi. Jumladan, 2021-yilda talabalar turar joylaridagi yashash xonalarini optimallashtirish natijasida qoʻshimcha qariyb 20 ming oʻrin yaratildi. Bunga qoʻshimcha ravishda yana 11 ming oʻrinli 28 ta yotoqxona tashkil etilib, foydalanishga topshirildi. Natijada davlat oliy taʼlim muassasalaridagi talabalar turar joyining soni 256 taga yetkazilib, 91 ming nafar talabani joylashtirish imkoni yaratildi. Yotoqxonaga boʻlgan ehtiyojning 41 foizi taʼminlandi.
Shuningdek, 2021-yil 1-maydan boshlab, yotoqxona bilan qamrab olinmagan, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy taʼlim muassisi talabalarining 60 foiziga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi.
Bugungi kunda Buxoro davlat universitetida xorijiy yetakchi oliygohlar bilan hamkorlikda iqtisodiyot, xalqaro mehmonxona menejmenti, informatika va axborot texnologiyalari, amaliy matematika va informatika kabi taʼlim yoʻnalishlari faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari universitet talabalarini ish bilan taʼminlash maqsadida Bandlik markazi tashkil etildi. Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti hamda Volontyorlik markazi yoshlar tashabbusini har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, Buxoro davlat universitetida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, intellektual, aqlni charxlovchi loyihalar, sport musobaqalari, kitobxonlik hamda volontyorlik harakati bilan yoshlarning boʻsh vaqtlari mazmunli tashkil etilmoqda. Iqtidorli talabalar universitet, viloyat, respublika va xalqaro tanlovlarda faxrli oʻrinlarni egallab, munosib ragʻbatlantirib kelinmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun yurtimizda biz kabi talaba-yoshlar taʼlim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilganiga har birimiz guvoh boʻlyapmiz. Buning uchun biz yoshlar Prezidentimizga oʻz minnatdorchiligimizni bildirgan holda, Yurtboshimiz bildirgan ishonchni oqlaymiz deb vaʼda beramiz.
Rustamjon Rahimboyev,
Surayyo Nuritdinova,
Nafosat Totliyeva,
Buxoro davlat universiteti talabalari