Muxtor Rasulov 1922-yilda Fargʻona viloyatida tavallud topgan, yoshligidan ilmu maʼrifatga ixlos qoʻyib ulgʻaygan. Endigina oliy taʼlim olish ishqi bilan yonib yurgan kezlarda dahshatli urush boshlangani haqidagi shum xabar tarqalgan.

Shunda ayni kuchga toʻlgan Muxtor Rasulov birinchilardan boʻlib qoʻliga qurol olib, vatan himoyasiga otlangan.

Muxtor Rasulov qonli janggohlarda kechgan damlari bir necha kitobga jo boʻlsa-da kamlik qiladi.

Ona Vatan uchun jonim fido boʻlsin, deya urushning soʻnggi kuni – gʻalaba onlarigacha front ichra yurgan mard va jasur jangchining koʻksini koʻplab orden va medallar bezagan. Ayniqsa, Berlinni ishgʻol qilishda koʻrsatgan jasorati uchun olgan medali oʻziga xos mardlik va gʻoliblik nishonidir.

Muxtor Rasulov urushdan soʻng orzulari kamolot choʻqqisi sari intildi. 1958-yilda nomzodlik, 1973-yilda doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli yoqlab, iqtisodchi olim sifatida uzoq yillar Samarqand kooperativ instituti (hozirgi Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti), Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)da turli lavozimlarda faoliyat koʻrsatdi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, professor Muxtor Rasulov ilmiy rahbarligida koʻplab iqtidorli yoshlar fan nomzodlari va doktorlari ilmiy darajalariga erishganlar. Iqtisodchi olimning qator darslik, monografiya va oʻquv qoʻllanmalaridan respublikamizning dearli barcha oliy taʼlim muassasalari iqtisodiyot yoʻnalishlarida keng foydalanilmoqda.

Xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi” degan naql bor. Muxtor Rasulov fan sohasida beqiyos ilm bogʻini yaratgan, oʻziga xos ilmiy maktabini shakllantirgan zabardast olim va zahmatkash ustozlardan biridir. Umrining soʻnggi yillarida marhum ustoz va jonkuyar pedagog Muxtor Rasulov oʻz faoliyatini Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasida samarali faoliyat yuritdilar. U kishidan bebaho asarlar va namunali shogirdlar qoldi.

Domla boshlab bergan ezgu ishlarni bugun jonkuyar shogirdlar davom ettirmoqdalar.