Hujjatda oʻrta muddatli iqtisodiy islohotlar dasturini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish mexanizmlari, davlat boshqaruvi sifatini oshirish, davlat va fuqarolar oʻrtasidagi ichki kommunikatsiyalar va oʻzaro munosabatlar tizimini takomillashtirish, shuningdek, xalqaro maydonda Oʻzbekiston imidjini mustahkamlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Xususan, “Yoʻl xaritasi” 2022-2026-yillarga moʻljallangan mamlakat milliy rivojlanish strategiyasini, moliyaviy bozorlar va kapital bozorini rivojlantirish strategiyasini, turli tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning afzalliklari va oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan sanoat siyosatini ishlab chiqish, qishloq xoʻjaligi sohasini isloh qilish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, koviddan keyingi davrda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, huquqiy tizimni takomillashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash, davlat xizmatchilarining salohiyati va malakasini oshirish hamda boshqa chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish masʼul vazirlik va idoralar tomonidan Strategik rivojlanish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi S.Chakrabarti bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Bu islohotlarning muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilishi mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirish hamda uning sanoat salohiyatidan toʻliq foydalanishga imkon beradi, shuningdek, Oʻzbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga zamin yaratadi.