Maʼlumot oʻrnida, 1992-yil respublikaning barcha viloyatlari qatorida Namangan bojxonasi tashkil etildi. Dastlab boshqarma tasarrufida toʻqqizta bojxona postlari mavjud boʻlgan. Bugun esa “Namangan aeroport”, “Kosonsoy”, “Pop” va “Uchqoʻrgʻon” chegara bojxona postlari hamda “Namangan” va “Chust” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari bor. Boshqarmaning “Kosonsoy” va “Uchqoʻrgʻon” chegara bojxona postlari Qirgʻiziston bilan tutash hududda, “Pop” chegara bojxona posti esa Tojikiston bilan chegaradosh hududda joylashgan.
Boshqarma tizimida ayni kunda malakali, yuksak salohiyatli xodimlar tunu kun hushyorlik va sergaklik bilan oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni sharaf va matonat bilan ado etmoqdalar. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va nazoratning texnik vositalarini qoʻllash, bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, boshqarma tasarrufida boʻlgan “Namangan aeroport”, “Kosonsoy” hamda “Pop” chegara bojxona postlari orqali 2017-2021-yillar mobaynida harakatlangan 2 893 694 nafar fuqaro, 51 895 ta avtotransport vositasi, 4185 ta aviatransport vositasi hamda 40 994 ta temiryoʻl vagoni bojxona nazoratidan oʻtkazildi. Shuningdek, boshqarma tasarrufidagi postlarda 60990 ta bojxona koʻrigi amalga oshirilgan boʻlib, 264 ta holatda 14,8 milliard soʻmlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Boshqarma tomonidan oʻtgan besh yil mobaynida import qilingan tovarlarga qonunchilikda belgilangan stavkalar asosida 8,8 trillion soʻm miqdorida toʻlovlar hisoblanib, shundan 7,3 trillion soʻm qismiga imtiyozlar berilib, qolgan 1,5 trillion soʻmi davlat byudjetiga oʻtkazilishi taʼminlandi. Imtiyozlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan olib kelingan texnologik asbob-uskunalar, xomashyo va butlovchi buyumlarga, yangidan qurilib, ishga tushirilayotgan hamda faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarni iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻllanildi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda viloyatimiz respublikada eng yuqori oʻrinlarda turadi, desak mubolagʻa emas. Ushbu koʻrsatkichlarni yuqoriga koʻtarayotgan eksport salohiyati baland korxonalar sifatida “Textile Finance Namangan”, “Ft Textile Group”, “Art Soft Holding”, “Uchkurgan Textile”, “Uztex Uchkurgan”, “Chust Textile”, “Toshbuloq-Teks”, “Namangan Toʻqimachi”, “Uz Chasys”, “Nafis-Charm” hamda “Iftixor kiyim sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarini misol qilish mumkin.
Viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufidagi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari orqali 2017-2021-yillar mobaynidagi 1,2 milliard AQSH dollarlik tovar va mahsulotlar eksport bojxona rejimiga, 2,2 milliard AQSH dollarlik mahsulotlar import bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. 2019-2021-yillar mobaynida “Namangan” tashqi istisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan 89 680 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan boʻlib, “Xavflarni boshqarish” AAT tomonidan ushbu deklaratsiyalarning 40963 tasi qizil, 32567 tasi sariq hamda 16150 tasi yashil yoʻlaklarga yoʻnaltirilgan. Eksport tovarlarining asosiy qismini toʻqimachilik, kalava ip, meva-sabzavot, teri, transport va uning ehtiyot qismlari hamda boshqa sanoat mahsulotlari tashkil etdi. Hozirda viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar 50 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda.
Soʻnggi yillarda bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 10 ta ruxsat berish tartibi, TIF TN kodi boʻyicha ekspertiza xulosasini talab etish va kontraktlarni hisobga qoʻyish shartlari bekor qilindi. Toʻlovlarni mobil-banking xizmati orqali onlayn oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. BYUDlarni avtomatik roʻyxatga olish va taqsimlash joriy etildi (jarayonga ilgari 2-3 soat vaqt ketgan boʻlsa, hozir 5 daqiqa sarflanmoqda).
Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimi bosqichma-bosqich rejimda 2018-yil 1-dekabrdan boshlab “sariq yoʻlak” va “qizil yoʻlak”, 2019-yil 1-martdan “yashil yoʻlak” tartiblari joriy qilindi. Natijada 2018-yilga nisbatan 2021-yilda bojxona koʻriklari soni 2,8 barobarga kamayib, samaradorligi 27 barobarga oshdi, rasmiylashtiruv vaqti eksportda 1,8 barobarga, importda 1,5 barobarga qisqardi.
Yuklarni oz fursatlarda ortiqcha tekshiruvlarsiz chegaralar orqali harakatlanishiga sharoit yaratish maqsadida avtomobil va temiryoʻl chegara bojxona postlarida xavflarni boshqarish axborot tizimi faoliyati yoʻlga qoʻyildi va bu sarflanadigan vaqtlar ikki barobarga qisqarishiga olib keldi. Tovar va transport vositalari rasmiylashtiruvi jarayonini yanada soddalashtirishga hamda tadbirkorlarning faoliyatiga aralashmagan holda, importning qonuniyligini sifatli nazorat qilishda tizimda bojxona auditi joriy etildi.
Soha faoliyatining takomillashuvi mamlakatimizda iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda. Namangandagi biznes va tadbirkorlikning barqaror rivojlanishida shubhasiz, viloyat bojxona boshqarmasining alohida hissasi bor.
Qudrat OTABAYEV,
Namangan viloyat bojxona boshqarmasi boʻlim boshligʻi,
bojxona xizmati mayori