Iroq bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Iroq Respublikasi diplomatik vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi davomida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari У.Сафаров va Iroqning Ostonadagi muvaqqat ishlari boʻyicha vakili Jobir al-Tamimiy oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning Iroq bilan savdo aylanmasi 2022-yilda 12,1 million dollarni tashkil etgan va bu raqam 2023-yilda 22,1 million dollarga oshgan va ushbu koʻrsatkichlar savdo-iqtisodiy aloqalar yanada rivojlanayotganligini namoyon etyapti.

    Muloqot davomida ikki davlat Savdo-sanoat palatalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash taklifi bildirildi. Oʻzbekiston va Iroq ishbilarmon doiralari ishtirokida qoʻshma tadbirlar, biznes forumlar va B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilishi haqida kelishib olindi.

    Xususan, Oʻzbekiston va Iroq vakillari tomonidan savdo-iqtisodiy va logistika masalalari muhokama etilib, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga Iroq bozorida talab yuqori ekanligini inobatga olgan holda, toʻqimachilik, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xaridini yoʻlga qoʻyish taklifi ilgari surildi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.