“Oʻzgidromet” agentligining xabar berishicha, 23-25-iyun kunlari havo harorati kunduz kunlari 38-41 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 42-44 darajagacha koʻtariladi.

Bu kunlarda respublika boʻyicha asosan kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasida va Navoiy viloyati shimolida 24-25-iyun kunlari baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin, 25-iyunda harorat 26-31 darajagacha pasayadi.

Payshanba kuni respublikaning barcha hududlariga haroratning pasayishi kuzatiladi. Hududning katta qismida harorat 30-35 daraja atrofida boʻladi.

Juma kuni harorat biroz koʻtariladi va 33-36 darajani, baʼzi joylarda 38 darajani tashkil etadi.

Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 25-26-iyunda ayrim joylarda 20-22 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

23-iyunda Fargʻona vodiysining ayrim togʻli hududlarida, 26-iyunda respublikaning togʻli hududlarida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Toshkentda: asosan kam bulutli ob-havo boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. 23-25-iyun kunlari harorat asosan kunduzi 38-41 daraja boʻladi, 26-iyunda 31-33 darajagacha pasayadi, 27-iyunda 34-36 daraja boʻladi.