Hujjatga muvofiq:
- 2020-yil 1-avgustdan elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalari, mikro va kichik gidroelektrstansiyalardan, shu jumladan oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish boʻyicha tarif belgilanadi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari (GESlardan tashqari) sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun potensial investorlarni aniqlash auksion savdolari orqali amalga oshiriladi;
- 2020-yil 15-iyuldan 31-dekabrgacha qoʻshimcha uchinchi smenani tashkil etgan mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun tungi davrda foydalanilgan elektr energiyasi boʻyicha hisob-kitoblarda belgilangan tarifga nisbatan 1,5 baravar miqdorda kamaytirish koeffitsiyenti qoʻllaniladi;
- tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan toʻlov kiritish toʻgʻrisidagi majburiy talabni 30%gacha kamaytirish imkoniyati davlat korxonalari va ustav kapitalidagi davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga tatbiq etilmaydi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 3,3 mlrd kVt soat elektr energiyasi, 2,6 mlrd m3 tabiiy gaz va 16,5 ming tonna neft mahsulotlarini tejashni nazarda tutuvchi 2020-2022-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari;
- Iqtisodiyot tarmoqlarining yirik energiya sarflovchi korxonalarida energiya samaradorligini oshirish va yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”;
- Yoqilgʻi-energetika resurslari jami yillik isteʼmoli ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilgʻi yoki bir ming tonnadan ortiq motor yoqilgʻisi boʻlgan korxonalarni majburiy energetik tekshiruvdan (energiya auditidan) oʻtkazishning 2020-2022-yillar davriga moʻljallangan jadvali;
- Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasining tuzilmasi va uning Kuzatuv kengashi tarkibi, mablagʻlarni shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish yoʻnalishlari belgilandi.
Hujjatda Energetika vazirligining Yagona axborot tizimini yaratish, uni 2021-yil yakunigacha ishga tushirish nazarda tutilgan. Yagona axborot tizimidan olingan tahliliy maʼlumotlar asosida yuqori energiya isteʼmoliga ega korxonalarni majburiy energiya auditidan oʻtkazish mexanizmi joriy etiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Energetika vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagi topshiriqlarni bajarishi lozim:
a) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilarini energetik tekshiruvlardan oʻtkazish qoidalarini qabul qilish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish:
- energiya auditini oʻtkazishni ragʻbatlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- energiya auditorini tanlashning bozor mexanizmini joriy etish;
- tariflarni tartibga solish, shu jumladan energiya auditi yakunlariga koʻra tavsiyalarni bajarmagan korxonalar uchun energiyani meʼyordan ortiqcha isteʼmol qilganlik uchun oshirilgan stavkalarni qoʻllashning samarali mexanizmini yaratish;
b) 2 oy muddatda 285 ta yirik sanoat korxonasida energiya auditini oʻtkazish uchun yetakchi kompaniyalar (mahalliy va xalqaro) jalb qilinishini taʼminlash, ushbu korxonalar roʻyxatini kengaytirish masalasini koʻrib chiqish.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 10.07.2020-yildan kuchga kirgan.
Elmira Siraziyeva.