Tezkor zamonda yashayapmiz. Odamlar ongi, tafakkuri, intilishlari, maqsadlari ham shiddat bilan oʻzgarayotgan davrga xos va mos tarzda yangilanib bormoqda. Avvallari har bir talaba faqat bilim olish, tanlagan sohasi boʻyicha belgilangan fanlarni oʻzlashtirishga vaqt sarflashi shart, degan qarash bilan taʼlimga zoʻr berilgan boʻlsa, bugun amaliyotga, fan va taʼlimning ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuviga eʼtibor kuchaymoqda. Talabani mehnatga oʻrgatish, malakali mutaxassis etib shakllantirish muhim masalaga aylanmoqda.

Sir emas, yaqin yillargacha talabaning oʻqish davrida ishlashiga qatʼiy qarshilik koʻrsatilgan boʻlmasa-da, xayrixohlik ham qilinmagan. Lekin oilasiga koʻmak berishni istagan, oʻzining moliyaviy muammolarini mustaqil hal etishga intilgan yoshlar baribir ishlagan. Bugungi zamon talabasining ham oʻqish, ham ishlash uchun imkoniyati borligini yoshlarimizning aksariyati isbotlab berdi.

Eʼtibor va ixtiyor

Davlatimiz rahbari talaba-yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Jumladan, Prezidentimiz raisligida shu yil 4-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida talabalarning ish bilan bandligini taʼminlash davlat ahamiyati darajasidagi masala sifatida eʼtirof etildi.

Oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va hokimlarning, tegishli boshqarmalarning bu boradagi vazifalari belgilab berildi. Oʻtgan vaqt davomida videoselektorda muhokama qilingan va belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida talabalar bilan oʻnlab uchrashuvlar oʻtkazildi, ularning xohish-imkoniyati, qobiliyati oʻrganildi hamda bu jarayon hali ham davom etmoqda.

Yoshlarning ham bu boradagi fikr va takliflari tinglandi. Ana shunday yigʻilishlar davomida ingliz tili, kompyuter savodxonligi, dasturlashni oʻrgatish, kimyo, biologiya, fizika va matematika fanlaridan repetitorlik qilish istagida boʻlgan talabalarning 12 nafariga institut hududidan xona ajratib berildi.

Shuningdek, institutda bandlik (karyera) markazi tashkil etildi. Mehnat bozorini, bitiruvchilar va avvalgi yillardagi kadrlarning faoliyatini oʻrganish, ish beruvchilar va oliygoh oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, “Karyera kunlari” kabi tadbirlarni oʻtkazish mazkur markazning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Oʻtgan qisqa vaqtda markaz xodimlari talabalarning ishlashga ehtiyojini aniqlash, oilaviy sharoiti, moddiy imkoniyatini oʻrganish maqsadida soʻrovnomalar oʻtkazdi. Soʻrov natijasida institutning 937 nafar talabasi ish izlab yurgani ayon boʻldi. Talabalar bandligini taʼminlash boʻyicha tuzilgan ishchi guruh aʼzolari yoshlar bilan belgilangan tartibda ish olib bordi. Dastlab ulardan 46 nafari institutdagi boʻsh ish oʻrniga qabul qilindi.

Bundan tashqari, oliygohda qurilish guruhi tuzilib, 78 talaba haq toʻlanadigan obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlariga jalb etildi. Institutimiz, asosan, iqtisodchi, muhandis, texnik kabi sanoat sohasida faoliyat yuritadigan kadrlar yetishtirib beradi. Shu bois, muassasamiz bilan viloyatdagi 60 dan ortiq ishlab chiqarish korxonasi va tashkilot oʻrtasida talabalar amaliyotini oʻtkazish hamda bandligini taʼminlash maqsadida oʻzaro hamkorlik shartnomalari tuzilgan.

Bu jarayonda nafaqat bitiruvchilar, balki ikkinchi va uchinchi bosqich talabalarining imkoniyati ham hisobga olingan. Misol uchun, sanoat texnologiyasi fakultetining 3-bosqich talabalaridan 15 nafari Yakkabogʻ tumanidagi “Darmon farm” xususiy korxonasida oʻquv amaliyotini oʻtamoqda. Korxona rahbariyati talabalar 3 oylik oʻquv amaliyoti davrida shartnoma asosida ishga qabul qilinishi, ularga oylik ish haqi toʻlanishi hamda bepul turar joy va issiq ovqat bilan taʼminlanishini bildirdi.

Avval amaliyotchi, keyin xodim

Joriy yil boshida viloyatimizdagi gigant korxonalardan biri — “Uzbekistan GTL” tomonidan oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida ishlab chiqarish va diplomoldi amaliyotlariga qabul qilish uchun tanlov oʻtkazilgan edi. Tanlov doirasidagi saralash imtihonlari fevral oyida yakuniga yetdi va 800 ishtirokchidan 102 nafari ushbu korxonada kengaytirilgan amaliyot oʻtash imkoniyatiga ega boʻldi.

Ular orasida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining 42 talabasi ham bor. Amaliyotda muvaffaqiyatli qatnashgan talabalar joriy yil iyul va avgust oylarida muddatli mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilinadi. Bundan tashqari, “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ tomonidan ham talabalar saralab olinib, ish haqi toʻlanadigan amaliyotga jalb etilmoqda.

Bu nimadan darak beradi? Fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi, avvalo, malakali mutaxassisga talabni qondirishga qaratilmoqda. Korxonalar bizga bitiruvchilar qachon kelar ekan, deb kutib oʻtirgani yoʻq. Aksincha, oʻsha bitiruvchi tayyor kadr boʻlib kelishi uchun oliygohlarga yordam beryapti, hamkorlik qilyapti.

Yangicha ruh, oʻzgacha tartibda

Joriy yil aprel oyida Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda “Karyera kuni” va “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi” oʻtkazildi. Tadbirda “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ, “Uzbekistan GTL” zavodi, “Oʻzburgʻineftgaz” AJ, Muborak neft va gazni qayta ishlash zavodi, “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “Oʻzstandart” agentligi Qashqadaryo filiali, “Qarshi yogʻ-ekstraksiya” MCHJ, Markaziy bankning Qashqadaryo viloyati bosh boshqarmasi, “Koson yogʻ-ekstraksiya” MCHJ, “Darmon farm” MCHJ, “Agro markaz” MCHJ, shuningdek, tadbirkorlar, fermerlar, qator xususiy sektor vakillaridan iborat 70 dan ortiq korxonaning ish beruvchi hamda mutaxassislari, viloyat bandlik bosh boshqarmasiga qarashli 15 ta shahar (tuman) aholi bandlikka koʻmaklashish markazi boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi.

Shu kuni tadbirning ochilish marosimida “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ stipendiya dasturi gʻolibi boʻlgan institutimizning 15 nafar talabasiga diplom, “Uzbekistan GTL” MCHJ zavodida malakaviy amaliyot oʻtash imkonini qoʻlga kiritgan 42 nafar talabasiga sertifikat, 31 nafar talabamizga “Darmon farm” MCHJ va “Agro markaz” MCHJga ishga qabul qilinganini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi. Eng asosiysi, ushbu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, bitiruvchilarning 409 nafari oʻz ish oʻrniga ega boʻldi.

Harakat, izchillik va samara

Shu yil mart-may oylarida 2021/2022 oʻquv yilida bakalavriat yoʻnalishini tugatayotgan 1517 talabaning 955 nafari oʻz ish oʻrniga ega boʻlgani toʻgʻrisidagi shartnomalar imzolandi. Shuningdek, viloyat bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida talabalar uchun biznes uchrashuvlar tashkil etish orqali 50 nafar, Yoshlar sanoat zonasiga ishga joylashtirishda talabalarning biznes rejalari uchun banklardan imtiyozli kreditlar ajratish orqali 37 nafar, viloyatda investitsiya dasturi doirasida tashkil etiladigan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari bilan hamkorlikda 216 talabaning bandligini taʼminlash reja qilib olindi.

Yurtimiz sanoati kun sayin rivojlanayotgani, xorijdan yangidan-yangi texnologiyalar kirib kelishi barobarida biz tayyorlaydigan kadrlar ularni bemalol boshqara olishi uchun ham oʻqitish metodlarimizni faqat nazariy emas, koʻproq amaliy jihatdan kuchaytirishimiz zarurligi haqida koʻp gapiramiz. Sababi, xorijiy qoʻshma korxonalarning ham institut bitiruvchilariga talabi ortib bormoqda.

Birgina misol. Kuni kecha Kitob tumanida faoliyat boshlagan “Qarshi Conch sement” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi vakillari institutni bitiradigan talabalarning taʼlim yoʻnalishi, oʻquv jarayoni bilan qiziqdi. Bir necha fakultetda boʻlib, amaliy mashgʻulotlar va laboratoriya xonalarini koʻrdi. Bitiruvchilarni ishga qabul qilish haqida oʻz takliflarini bildirdi.

Oʻz navbatida, biz ham mazkur korxonada ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy ragʻbatlantirish meʼyorlari va ishga qabul qilish tartibi haqida maʼlumotga ega boʻldik. Har ikki tomonning oʻzaro kelishuviga muvofiq, “Qarshi Conch sement” korxonasi va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti oʻrtasida hamkorlik bitimlarini imzolash, talabalar ishtirokida uchrashuvlarni oʻtkazish yuzasidan maslahatlashib olindi.

Talabalar bandligini taʼminlash borasida mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz hali yoʻlning boshidamiz, rejalashtirilgan hamda bajarilishi shart boʻlgan ishlarimiz esa anchagina. Bunda jamoa boʻlib jipslashish, ishga masʼuliyat bilan yondashish faoliyatimizning asosiga aylangan. Shunga amin boʻldikki, ishlaydigan talabada masʼuliyat yuqori boʻladi.

U halol mehnat qilib, peshana teri bilan topgan pulini behuda sarflamaydi, yaxshilikka ishlatadi. Oʻzini mustaqil hayotga tayyorlab boradi. Ertaga u qaysi sohada faoliyat yuritmasin, intizomi, mehnatsevarligi, tirishqoqligi bilan oʻz oʻrnini topadi, hurmat qozonadi, eng muhimi, kerakli kadrga aylanadi.