Navoiylik isteʼmolchi A. B. ning uyiga bir hafta davomida turli sabablar bilan issiq suv kelmadi. Kranlarda issiq suv boʻlmadi, batareyalarga esa issiqlik yetkazib berilmadi. Bu esa oilaga birmuncha qiyinchilik tugʻdirdi. Ammo xizmat koʻrsatuvchi kompaniya isteʼmolchi eʼtirozini hatto eshitishni ham xohlamadi.

Shundan soʻng Isteʼmolchilarni huquqini himoya qilish agentligining “Ishonch telefoni”ga murojaat qildi. Agentlikning Navoiy viloyati hududiy tuzilmasi Zarafshon shahar 19-uyda yashovchi fuqaroning murojaatini oʻrganib chiqdi.

Aniqlangan kamchiliklar “ZAR Fidokor 2022” boshqaruv servis kompaniyasi MCHJga tegishli ekani maʼlum boʻldi. Oʻrganishlar natijasi Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunlarining talablari buzilganligini koʻrsatdi.

Qisqa muddatda “ZAR Fidokor 2022” boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan isteʼmolchi xonadonida isitish tizimi bilan bogʻliq muammolar bartaraf etildi. Xonadon toʻliq issiqlik taʼminoti bilan taʼminlangani uchun isteʼmolchi Agentlikka oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasida ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shartligi belgilab berilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 7-noyabrdagi “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-581-sonli qonunining 34-moddasida shirkatning majburiyatlari sifatida muhandislik kommunikatsiyalari va umumiy mol-mulk tarkibiga kiruvchi boshqa jihozlarning koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalariga muvofiq kommunal xizmatlar taqdim etish uchun doimiy shayligini taʼminlashi, qonun hujjatlarida va shirkat ustavida nazarda tutilgan hollarda, uchinchi shaxslar bilan umumiy mol-mulkni saqlash, unga egalik qilish hamda undan foydalanish, kommunal xizmatlar koʻrsatishga oid munosabatlarda shirkat aʼzolarining manfaatlarini ifodalashi shartligi koʻrsatilgan.