Davlat idoralari va boshqa soha tashkilotlarining mazkur amaliyot natijasida joylarda tashkil etayotgan ish faoliyati aynan mahallalardagi oʻzgarishlar va bu orqali mavjud muammolarning hal etilishiga qaratilgani bilan yana-da ahamiyatlidir.
Eng asosiysi, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “mahallabay” va “fuqarobay” ish uslublari ayni damda aholi murojaatlari va jamiyatdagi koʻplab muammolarni bartaraf etishda jamiyatimizdagi barcha sohalar uchun eng samarali yoʻl ekani yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz raisligida 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aynan shu jihatlar alohida tilga olindi. Joriy yilda hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni “mahallabay”, yaʼni aynan shu hududning xususiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib hal etish lozimligi aytib oʻtildi.
Yigʻilishda 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilab berilgan keng miqyosli vazifalar ijrosiga toʻxtalib oʻtildi. Har bir vazirlik va davlat tashkilotining bu jarayondagi ishtiroki haqida aniq maʼlumotlar keltirildi.
Oʻz ichiga 273 banddan iborat keng koʻlamli amaliy islohotlar ijrosini qamrab olgan davlat dasturidagi chora-tadbirlarni bajarish uchun qariyb oʻttiz trillion soʻm, ikki milliard olti yuz million AQSH dollari va ellik yetti million yevrodan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda. Prezidentimiz “mahallabay” ish uslubi haqida soʻz yuritar ekan, “Har qancha qiyin boʻlmasin, 500 ming nafar yosh va 200 ming ayolni ish bilan taʼminlash hamda 300 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish lozim. Agar “mahallabay” tizimni joyiga qoʻyib, davlat idoralari dasturdagi vazifalarni qunt bilan, ilm bilan, aql bilan bajarsa, keskin oʻzgarish boʻladi”, deya mutasaddi tashkilot rahbarlarini yana-da faollikka undadi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizdagi tahlillar asosida aniqlangan, rivojlanishdan ortda qolayotgan 33 ta tuman va ogʻir ahvoldagi 970 ta mahallaning yoʻli, ichimlik suvi va elektr taʼminoti, irrigatsiya tarmogʻini yaxshilash bugungi kunning birlamchi vazifasiga aylanib bormoqda. Zero, islohotlar va ularning amaliy natijalari mamlakatimizning eng olis manzil va chekka qishloqlariga qadar yetib borishi zarur.
Davlat dasturidagi asosiy yoʻnalishlar sifatida iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, aholi bandligini taʼminlash maqsadida joylarda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, xususan, oʻz ishini boshlamoqchi boʻlgan vatandoshlarimizga yetti million soʻmgacha subsidiya, kasbga oʻqimoqchi boʻlgan ehtiyojmand aholi vakillariga bir million soʻmdan kompensatsiya berilishi koʻzda tutilgan. Yigʻilishda soha mutasaddilariga ushbu vazifalarni amalga oshirish orqali joriy yilning birinchi yarmida oʻn ming, yil yakuniga qadar esa yana oʻn ming — jami 20 ming yurtdoshimizni ish bilan taʼminlash boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Xususan, dehqonchilik bilan shugʻullanish istagidagi yoshlarga oʻn sotixdan bir gektargacha yer ajratish jarayonini adolatli olib borish, bu jarayonda jamoatchilik fikrini inobatga olish zarurligi, oilaviy tadbirkorlik uchun ajratiladigan olti trillion soʻmlik kredit mablagʻlarini samarali yoʻnaltirish, har bir mahallaning “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib, tadbirkorlik salohiyatini oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Yigʻilish davomida davlat dasturida belgilangan bunyodkorlik ishlariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, ichki va qishloq yoʻllarini taʼmirlash, joylardagi elektr tarmoqlari hamda transformatorlarni yangilash, yetti yuzdan ortiq aholi yashash manziliga toza ichimlik suv yetkazish boʻyicha belgilangan koʻplab ijtimoiy masalalar tilga olindi.
Davlatimiz rahbari mazkur vazifalarni amalga oshirishda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini joylardagi “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqqan holda shakllantirib borish hamda mahalliy kengashlarga kiritish zarurligini aytdi. “Davlat dasturidan asosiy maqsad — qogʻoz yoki hisobot emas, balki amaliy natijalarga erishish, odamlar hayotida ijobiy oʻzgarishlar qilish. Buning uchun har bir rahbar oʻz faoliyatida natija koʻrsatishi zarur va shart”, dedi Prezidentimiz.
Ayni vaqtda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlash maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuzilgan. Mazkur amaliyot natijasida joylarda odamlarni oʻylantirayotgan koʻplab ijtimoiy muammolar hal etilmoqda.
Xususan joriy yilning shu vaqtiga qadar ishchi guruhlar tomonidan chekka mahallalardagi 1882 kilometr ariq va zovurlar tozalandi. 90 ming 961 dona mevali va manzarali daraxt koʻchati ekildi. 628 ta maishiy chiqindi toʻplash maskani tartibga keltirilib, 29 tasi yangidan qurildi. 730 ta tungi yoritqich oʻrnatildi.
Shuningdek, aholi salomatligini saqlash maqsadida 47 ming 729 nafar fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning qariyb besh ming nafariga bepul dori-darmon mahsulotlari, bir yarim ming nafardan ziyodiga nogironlik aravachasi, qoʻltiq tayoq hamda protez-ortopediya vositalari tarqatildi. Qariyb besh ming ehtiyojmand fuqaroga maishiy texnika, tikuv mashinasi va oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi. 895 nafar yurtdoshimizga moddiy yordam beriladi.
Videoselektor yigʻilishida joriy yilda byudjet hisobidan 22 ta bolalar bogʻchasi va 31 ta yangi maktab qurish, har bir tumanda fizika faniga ixtisoslashtirilgan bittadan maktab tashkil etish, madaniyat markazlari, muzeylar va teatr binolarini taʼmirlash hamda jihozlash boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga zarur topshiriqlar berildi.
Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun bugun har bir soha rahbari va masʼullaridan katta masʼuliyat va mehnat talab etiladi. Zero, barchamizning asosiy maqsadimiz mushtarak — yurtdoshlarimiz bugungi islohotlar mohiyatini toʻla anglagan holda, uning natijasini, avvalo, oʻz hayotida koʻrishi, sezishi lozim. Buning uchun esa soha vakillari xalq bilan muloqot qilishi, hududlardagi mavjud muammolarni joyiga chiqqan holda oʻrganishi, yechimini manzilli tashkil etishi shart.
Rahmat MAMATOV,
mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri,
Oliy Majlis Senati aʼzosi