Mamlakatimiz oʻz oldiga juda katta maqsad va vazifalar qoʻygan. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish puxta oʻylangan, uzoq yillarga moʻljallangan, bir-birini mantiqan toʻldiradigan va oʻzaro uzviy bogʻliq boʻlgan strategik maqsad, vazifalar sirasiga kiradi. Bu ulkan jarayon, albatta. Buning uchun bilimli va salohiyatli kadrlar zarur.

Shu bois, davlatimiz rahbari kun tartibiga taʼlimning barcha sohasini izchil va tubdan isloh qilish, uni kompleks rivojlantirish vazifasini qoʻydi. Taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish mamlakatimiz Taraqqiyot strategiyasining toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi. Qolaversa, joriy yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilganini ham boshlangan ulkan ishlarning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin.

Prezidentimizning 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ham taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, keyingi olti yilda qoʻshimcha 500 ming oʻquvchi oʻrni yaratilib, ularning jami soni 5 million 300 mingga yetgan. Ayni paytda yana 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni yaratish uchun jadal ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda yoshlarga zamonaviy kasb-­hunarlarni oʻrgatish, ularga bu borada barcha zarur shart-­sharoitlarni yaratish taʼlim sohasidagi muhim yoʻnalishlardan biri sifatida belgilanmoqda. Bu, albatta, bejiz emas. Chunki ayni paytda maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelyapti.

Oʻquvchilarda kasb-­hunarga qiziqish uygʻotish, muayyan koʻnikma va malaka paydo qilish, qobiliyatini toʻgʻri yoʻnaltirish, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi “Barkamol avlod” maktablarining ham oʻrni beqiyos. Bugungi kunda joylarda 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat koʻrsatmoqda.

Ushbu maktablarning asosiy vazifasi maktabdan boʻsh vaqtini 82 turdagi toʻgaraklarga jalb qilgan holda, oʻquvchilarning mustaqil, kreativ fikrlashi, qatʼiy pozitsiyasiga ega boʻlishi, kasb-­hunarning boshlangʻich sirlarini egallashi, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishdan iborat. Eng asosiysi, ushbu maktablarda oʻgʻil­qizlar hunarmandlikdan tortib robototexnikagacha, madaniyatdan tortib sportgacha, oliy taʼlimga tayyorlovdan tortib xorijiy tillargacha mustahkam bilim va koʻnikmalarni egallayapti.

Biz axborot­-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan davrda yashayapmiz. Ularni yoshlarimiz mukammal oʻrganishi va amaliyotga tatbiq etishi zamon talabi. Shu bois, oʻquvchilarda texnik vositalar va kompyuter texnologiyalarini oʻrgatish hamda texnik ijodkorlikni rivojlantirish maqsadida SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston yoshlari fan­texnika taraqqiyoti asrida” onlayn koʻrik­-tanlovi tashkil etildi.

Qobiliyatsiz bola boʻlmaydi. Faqat uning qiziqish va intilishlarini bilish, shunga muvofiq toʻgʻri yoʻnaltirish, iqtidorini kashf etish va ragʻbatlantirish lozim. Oʻrgatish jarayonida oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, yigit­qizlarda vatanparvarlik, ezgulik, insonparvarlik singari yuksak fazilatlarni ham uygʻotish zarur.

Ayni shu maqsadda toʻgarak aʼzolari uchun yil davomida 20 ta koʻrik-­tanlov tashkil etildi. Ularda 236 mingdan ziyod oʻgʻil-­qiz, qariyb 20 ming pedagog ishtirok etdi. Bolalardan 143 nafari xalqaro miqyosdagi tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari, “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi huzurida iqtidorli bolalar kengashi tashkil etildi. Oʻtgan yil davomida kengash aʼzolari oʻtkazgan targʻibot ishlari tufayli 75 ming 236 nafar oʻquvchi qamrab olindi. Ular orasidan mingdan ziyod iqtidorli bolalar roʻyxati shakllantirildi.

Tuman markazida tashkil etilgan toʻgaraklarga qatnash imkoniga ega boʻlmagan oʻquvchilar uchun hududlardagi mahalla fuqarolar yigʻini qoshida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining 163 ta tarmoq toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Imkoniyati cheklangan bolalarni qoʻllab­quvvatlash maqsadida 58 ta maxsus maktab-­internatda 346 ta toʻgarak tashkil etilib, ularga 7 ming 549 nafar oʻquvchi jalb etildi.

Quvonarlisi, xalqaro aloqalarimiz ham rivojlanmoqda. Janubiy koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda “Barkamol avlod” bolalar maktablarida axborot­kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishidagi mutaxassislar malakasini oshirish, zamonaviy bilim va koʻnikmasini rivojlantirish uchun joylarda seminarlar tashkil etildi. Buning natijasida zamonaviy turdagi dasturlash toʻgaraklarini tashkil etish imkoniyati paydo boʻldi. Hozir raqamli texnologiyalar rivojlangan, tezkor axborot asrida yashayapmiz. Bugungi oʻquvchilar ham kechagidek emas. Ularning salohiyati, imkoniyati va dunyoqarashi ham ilgʻor.

Shu maʼnoda, Prezidentimizning oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarurligini taʼkidlagani bejiz emas. Hozirgi oʻgʻil­-qizlarimiz kelajak odami. Ularga zarur bilimlarni berish, sohada izchil va tub islohotlarni amalga oshirishda “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyati bugungi kun talablari asosida tashkil etadi. Loʻnda qilib aytganda, islohotlarga kamarbasta boʻlishga intiladi.