Uchrashuv chogʻida hamkorlikning bugungi holati, qoʻshma loyihalar amalga oshirilishi, shuningdek, Oʻzbekiston va ITB oʻrtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim, infratuzilmaviy qurilish, sogʻliqni saqlash va qishloq joylarda hayot sifatini yaxshilash sohalarida 6 ta yangi investitsiya loyihasini kelishish borasida ishlarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi, Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash Islom korporatsiyasi kabi ITB va uning shoʻba tashkilotlarining Oʻzbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga urgʻu bergan holda qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirishga oid oʻzaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga tayyorligi bildirildi.

Bundan tashqari, tomonlar joriy yilning 1-sentyabridan 4-sentyabriga qadar Toshkentda boʻlib oʻtadigan ITB Boshqaruvchilar Kengashining Yillik anjumaniga tayyorgarlik koʻrish ishlarini muhokama qildilar. ITB Prezidenti anjuman va u bilan bogʻliq tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilayotgani uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Uning qayd etishicha, mazkur tadbir xalqaro hamjamiyat hamda ITBga aʼzo mamlakatlarning ishbilarmonlik doiralari vakillarida katta qiziqish uygʻotdi: hozirgi paytga kelib uchrashuvda ishtirok etish uchun 2 mingdan ortiq kishi roʻyxatdan oʻtgan va ularning soni oʻsishda davom etmoqda. Tadbirda Bankka aʼzo 57 mamlakatdan 2500 dan ortiq vakillar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot institutlari vakillari qatnashishlari kutilmoqda.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro munosabatlarning muhokama qilingan yoʻnalishlari doirasida hamkorlikni yanada kuchaytirish yoʻllarini belgilab oldilar.