Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining ekspozitsiya konsepsiyasini shakllantirish ishlari jahon tajribasidan foydalangan holda amalga oshirilmoqda.
Muzey tarkibiy tuzilmasini boyitish va mazmunan yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Fransiyaning “Avesta Group” tashkiloti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Kompaniya vakillari Annabel Dio Vern, Yuliya Oskina, Yekaterina Bereznikova bir haftaga yaqin vaqt davomida Markazda boʻlib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar bilan tanishdi, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi maʼlumotida.
Shu oʻrinda aytish joiz, “Avesta Group” – xalqaro darajada muzey ekspozitsiyalari boʻyicha yetakchi tashkilotlardan biri boʻlib, Fransiya, Qatar, BAA va boshqa davlatlardagi mashhur madaniy markazlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ularning ishlari madaniy merosni saqlash va uni avlodlarga yetkazib berish borasida samarali yoʻnaltirilgan. Soʻnggi muhim ishlardan biri – Qatar Islom sanʼati muzeyi konsepsiyasini shakllantirish boʻlgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari shakllantirilayotganda, Markaziy Osiyo xalqlarining sivilizatsiya taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, Islom madaniyati va ilmiy merosi alohida yoritiladi. Mazkur konsepsiya soʻnggi olti oy davomida xalqaro kongresslar, ilmiy forumlar va seminarlarda muhokama qilingan, sohaning yetakchi olimlari tomonidan takliflar bildirilgan.
Ayni paytda “Avesta Group” va Islom sivilizatsiyasi markazi mutaxassislari oʻrtasida konstruktiv muloqot davom etmoqda, zarur maʼlumotlar almashilmoqda va konsepsiyani takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.