Kecha 97 kilogramm vazn toifasidagi yunon-rum kurashchimiz Osiyo chempionatining bronza medali uchun kechgan bellashuvni muddatidan avval oʻz foydasiga hal qildi. Islomjon Rahmatov Janubiy Koreya vakili Kim Ju Vanni 12-3 hisobida dogʻda qoldirib, Osiyo chempionati sovrindoriga aylandi.

Bronza medali uchun gilamga chiqqan qolgan ikki kurashchimiz Ilyosjon Abdinazarov va Dilshod Mamadaminov raqilariga imkoniyatni boy berib, 5-oʻrin bilan kifoyalandi. Shu tariqa, Oʻzbekiston U20 yunon-rum kurashi terma jamoasi Osiyo chempionatini 1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan yakunladi.

Eslatib oʻtamiz, undan avval 20 yoshgacha boʻlgan yunon-rum kurashchilar oʻrtasidagi bellashuvlarda hamyurtlarimizdan 4 nafari shohsupaga koʻtarilgan edi. 77 kilogramm vazn toifasidagi kurashchimiz Samandar Bobonazarov eronlik Maʼsud Ali Akbar Gafini 30 soniya ichida sof gʻalaba bilan magʻlubiyatga uchratib, Osiyo chempioniga aylandi.

Afsuski, finalga yetib kelgan qolgan ikki kurashchimiz raqiblariga imkoniyatni boy berib, kumush medalga sazovor boʻldi. 87 kilogramm vaznda kurashgan Azamatjon Abdubannobov qozogʻistonlik Maksat Saylauga, 130 kilogramm vazndagi Temurbek Nasimov esa eronlik Fardin Hedayatiga yutqazib qoʻydi.

Bronza medali uchun ikki yunon-rum kurashchimiz gilamga chiqdi. 55 kilogramm vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Alisher Gʻaniyev Saudiya Arabistoni vakili Abdulloh Janduni muddatidan avval (10-0) taslim etgan boʻlsa, Husniddin Olimboyev (63 kg) qozogʻistonlik Bagdat Sabazga kichik hisobda yutqazib qoʻydi.