Poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari — Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatovning ota-onalari bugungi taʼlim islohotlari mevasini koʻrib turibdi. Zero, ikkala oʻquvchi ham AQSHning nufuzli oliygohlaridan biri — Massachusets texnologiyalar institutining (MTI) 100 foizli grantini qoʻlga kiritdi. Ushbu grantning umumiy qiymati 385 ming dollarni tashkil etadi.

Dunyoning birinchi raqamli texnika universiteti boʻlgan MTI ilm-fan va innovatsiyalar markazi sifatida tanilgan. Har yili universitetga hujjat topshiradigan minglab yoshlarning qabul koʻrsatkichi atigi 4 foiz ekanidan raqobatni taxmin qilaverasiz. 100 dan ortiq Nobel mukofoti sovrindori yetishib chiqqan oliygohga hujjat topshirishning oʻzi ham shu maʼnoda bir yutuq, aslida. Asilbek va Elbekning talabalikka qabul qilinishi esa mamlakatimiz miqyosidagi ulkan natija. Zero, moliyaviy jamgʻarmasi qariyb 25 milliard dollar boʻlgan MTI iqtidorli talabalarga yirik tadqiqotlar oʻtkazishi uchun cheksiz imkoniyatlar beradi. Shu jihatdan yigitlar xalqaro oliygohlarda oʻqish orzusida yurgan tengdoshlari qalbidagi uchqunni alangalatgan boʻlsa, ota-onalarning esa bu yoʻldagi masʼuliyatini yanada oshirdi. Endi professional taʼlimga yoʻnaltirilayotgan sarmoya salmogʻi ortsa ortadiki, sira kamaymaydi.

Kichikligidan matematikaga, 7-sinfdan informatikaga qiziqishi ortgan Asilbek Sunnatov 9-10-sinflarda xalqaro nufuzli matematika olimpiadasida ikki marta kumush medal sovrindori boʻldi. Ixtisoslashtirilgan maktabdagi ustozi Kamoliddin Yusupov uning matematikaga qiziqishini yanada oshirdi. Buning uchun unga vaqt ajratib, ilmi va mehrini ayamadi. Chanqoq shogird esa SAT, IELTS imtihonlaridan yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi. Oʻtgan yili xalqaro informatika olimpiadasida Oʻzbekiston tarixidagi birinchi kumush medalga erishdi.

— MTIga qabul natijasi chiqqan payt, toʻgʻrisini aytsam, oʻzimni salbiy xabarga ham ruhan tayyorladim. Chunki dunyoda birinchi oʻrinda turadigan universitetga kirish imkoniyati juda pastligini bilaman. Biroq natijalarni koʻrgan paytim “Tabriklaymiz!” degan yozuvni oʻqidim-u, koʻzlarimga ishonmadim. Elbek va ustozlarimiz bilan birga edik. Ular ham sevinchdan qiyqirib yubordi. Bir maktabdan ikki oʻquvchining qabul qilinishini kutmaganimiz uchun soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydigan darajada hayajonda qoldik. Bir-birimizni tabrikladik, — deydi Asilbek Sunnatov.

Oʻzining MTIga qabul qilinishidan koʻp umidvor boʻlmagan, maktabdoshi uchun quvonib turgan Elbek Zohidjonov ham omadi kelganiga dastlab ishonmadi. Zero, oʻsha pallagacha baribir balim yetmasa kerak degan oʻyda edi. Shuning uchun ham oʻzi erishgan natija uni ijobiy maʼnoda dovdiratib qoʻydi.

Yigitlar oʻzi oʻqiyotgan maktabda zamonaviy shart-sharoitlar yetarliligi barobarida oʻqituvchilarining barchasi tajribali ekanini muvaffaqiyatining muhim omili deb biladi. Bunday imkoniyat xalqaro universitetlarga oʻqishga kirishda katta yordam bergani, davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda yangicha yondashuvlarni taklif qilayotgani bejiz emasligini alohida eʼtirof etdi.

— Bunday sharoitlarsiz dunyoga chiqishga umuman imkonimiz boʻlmas edi. Chunki xalqaro oliygohlarga hujjat topshirish uchun koʻrsatkichlar ancha yuqori boʻlishi kerak, — deydi Elbek Zohidjonov. — MTI dunyo boʻyicha eng kuchli oʻquvchilarni tanlab oladi. Biz esa ana shundaylar bilan bellashish uchun faqat va faqat professional bilim oldik. Maktabimizda darslar boshqacharoq formatda, qiyinlashtirib oʻtiladi. Olimpiada paytida ana shu format juda asqatdi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab taʼlimi xalqaro andozalar darajasiga chiqyapti. Maktabda xalqaro bakalavriat (International Baccalaureate)ning oʻrta yillik (Middle Years Programme) dasturi boʻyicha akkreditatsiya jarayoni muvaffaqiyatli oʻtdi. Muassasa Oʻzbekistondagi ushbu nufuzli xalqaro maqomga ega ilk davlat maktabi boʻldi.

— Oʻquvchilarimiz nufuzli OTMga oʻqishga kirib, bobomiz Muhammad Xorazmiy vorislari ekanini amalda koʻrsata oldi. Bu, avvalo, mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida eʼtibor samarasi. Qolaversa, agentlik tizimida yaratilgan shart-sharoitlar, maktabdagi pedagoglar fidoyiligi va ota-onalar ishonchi oʻquvchilarimizni ulkan natijalarga yetaklayapti, — deydi maktab direktori Fazliddin Ismoilov. — 2017-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan maktabimizning har bir yutugʻi nafaqat oʻquvchilarning, balki ota-onalar, ustozlar va butun xalqimizniki.

Dunyoning yetakchi texnika universitetida tahsil oladigan yoshlarimiz yirik tadqiqotlar bilan shugʻullanishi aniq. Ularning bu boradagi rejalari hozirdanoq aniq.

— Xalqaro fan olimpiadasida qatnashishning oʻziga xos jihatlari bor. Juda koʻp kitob oʻqish, kerakli maʼlumotlarni yigʻish kerak, — deydi Asilbek Sunnatov. — Shuning uchun, birinchi navbatda, yurtimizda olimpiada sohasini rivojlantirish, oʻzim kabi yoshlarga amaliy yordam berishga harakat qilaman. Sababi, bizda olimpiadalarga ­tayyorgarlik koʻrish uchun kerakli materiallar yetarli emas. Qolaversa, sunʼiy intellekt boʻyicha ham tadqiqotlar oʻtkazmoqchiman.

Bu yil maktabni tamomlash arafasida turgan Elbek esa xalqaro matematika olimpiadasida birinchi oltin medalni Vatanimizga olib kelish orzusida. “Chunki yurtimizda hali hech kim bu olimpiadada oltin medal olmagan”, deydi u.

Asilbek va Elbekka koʻp ota-onalar, tengdoshlari havas bilan qaraydi. Bu havas hali koʻplab oʻgʻil-qizlarimizni yuksak marralarga yetaklashi shubhasiz.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri