Joriy yil 24-28-yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining ASK (Agriculture Support and Knowledge) loyihasi boʻyicha qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat statistikasi sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida Ispaniya Qirolligining qator vazirlik va tashkilotlarida boʻldi.

Tashrif doirasida Qirollikning Qishloq xoʻjaligi, baliqchilik va oziq-ovqat vazirligi, Milliy statistika, atrof-muhitni muhofaza qilish instituti, Mursiya qishloq xoʻjaligi va iqtisodiy tadqiqotlar va ishlanmalar instituti, Kataloniyaning Qishloq xoʻjaligi departamenti, shuningdek, yetakchi tajribaga ega qator tashkilot va korxonalarning rahbariyati va mutaxassislari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, vazirlik vakillari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqishning toʻliq siklini kuzatish imkonini yoʻlga qoʻyish, shaffof statistik maʼlumotlarni shakllantirish va ularni barcha idoralar hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga yetkazish boʻyicha yaratilgan axborot tizimlari va imkoniyatlari oʻrganildi.

Shuningdek, mutaxassislar ishtirokida ochiq maʼlumotlar bazasini yaratish, yer uchastkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni geoaxborot tizimlarida yuritish va foydalanish, raqamli tizimlardan foydalanishni ragʻbatlantirish, soʻrovnomalarni oʻtkazish usullari, uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirishda tomonlar ishini muvofiqlashtirish va ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash masalalariga doir maʼruza, namoyish va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.