Ispaniya kompaniya va tashkilotlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Shu tariqa, Alikante shahrida Tanned Group, Elche shahrida — Valensiya poyabzal kompaniyalari uyushmasi (Avecal), Silla shahrida — Incusa kompaniyasi, Valensiyada — Cámara de Comercio de Valencia tashkiloti bilan muzokaralar olib borildi.
Savdoni rivojlantirish va charm mahsulotlari uchun muqobil yetkazib berish zanjirlarini topish, poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun blankalar, yarim tayyor mahsulotlar va xomashyo yetkazib berish, mahsulotlarni standartlashtirish va oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun LWG sertifikatini olish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari Valensiya Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan oʻzaro savdo aylanmasini rivojlantirish va sarmoyaviy imkoniyatlardan foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvlar yakunida savdo sohasida hamkorlik va tajriba almashish, joriy yil sentyabr oyida Milanda boʻlib oʻtadigan koʻrgazmada B2B uchrashuvlarini tashkil etish masalalari, aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston va Ispaniya tadbirkorlarining oʻzaro tashriflari boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.