Tadbirda 150 nafarga yaqin Ispaniya vakillari, xususan, Valensiya hamjamiyatidagi hukumat rasmiylari, diplomatiya korpusi, ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlil va ishbilarmon doiralar vakillari hamda oʻzbek vatandoshlari ishtirok etdilar.
Tadbirda Oʻzbekiston elchisi Jahongir Gʻaniyev nutq soʻzlab, soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi oʻrtasidagi munosabatlar barcha sohalarda rivojlanib borayotgani hamda Ispaniyaning Oʻzbekistonda elchixonasini ochish borasidagi Ispaniya hukumatining qarori ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga turtki boʻlishiga umid bildirdi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot tashkil etildi. Yigʻilganlar oʻzbek xalqining noyob tarixiy-madaniy merosi va anʼanalari, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Xususan, mamlakatimizda turizm salohiyatini rivojlantirish, YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan koʻplab noyob meʼmoriy yodgorliklarni rekonstruksiya va restavratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqandda yangi tashkil etilgan “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi va u yerda xorijiy sayohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqidagi maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga oʻzbek xalq amaliy sanʼati mahsulotlarining namunalari ham namoyish etildi.