Isroil G'azo sektoridagi suvni chuchuklashtirib beruvchi qurilmalarga elektr energiyasi yetkazib berishni to'xtatib qo'ydi. Bu haqda Qatarning Al Jazeera telekanali mahalliy ma'muriyatga tayanib xabar berdi.
Unga ko'ra, elektr ta'minoti uzilgach, Falastin anklavining janubida joylashgan Rafah tumani aholisining qariyb 70 foizini suv bilan ta'minlagan suvni chuchuklashtirib beruvchi ikkita qurilma elektrsiz qoldi. Munitsipalitetning ta'kidlashicha, ushbu qurilmalar kuniga taxminan 20 ming kubometr chuchuk suv ishlab chiqargan.
2-mart kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G'azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishi to'xtatilgani va barcha nazorat-o'tkazish punktlari yopilganini ma'lum qildi. Isroil tomoniga ko'ra, bu Falastinning HAMAS radikal harakati AQSh maxsus elchisi Stiven Uitkoffning anklavdagi o't ochishni to'xtatish rejimini uzaytirish rejasini qabul qilishdan bosh tortgani tufayli amalga oshirilgan. Netanyaxu agar radikallar muzokaradan bosh tortishda davom etsa, ular “qo'shimcha oqibatlarga” duch kelishidan ogohlantirdi, deb xabar beradi tass.ru.