Oʻzbekiston Respublikasining Isroil Davlatidagi Elchixonasi maʼlum qilishicha, halok boʻlgan 62 yoshli Rustam Gulomov Oʻzbekistonda tugʻilib voyaga yetgan. Biroq u 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqan.

Shundan soʻng u soʻnggi 14-yil davomida Isroilda yashab kelgan va ushbu davlat fuqaroligini olgani maʼlum qilindi.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasi marhumning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

11-mart holatiga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari jarohat olgani haqida elchixonaga xabar kelib tushmagan.

Ayni paytda Isroil hududida vaziyat keskinligicha saqlanib qolayotgani taʼkidlanib, ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki doimiy yashab kelayotgan vatandoshlar ogohlantirish signallariga jiddiy munosabatda boʻlishga hamda xavfsizlik talab va qoidalariga qatʼiy rioya qilishga chaqirildi.