Bu haqda "Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ayni kunlarda Respublikamiz hududida keskin anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Albatta, harorat koʻtarilishi natijasida yer usti temir yoʻllarining relslari hamda ularning poʻlat qismlarida harorat juda yuqori boʻladi. Shu bois, yoʻlovchilar va poyezdlar harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida, poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar oʻrnatiladi. Natijada poyezdlar harakat jadvalidan kechikib harakatlanishi mumkin.
Shuningdek, harakat jadvalida kichik oʻzgarishlar kuzatilishi mumkin. Yaʼni poyezdlar vokzallarga yetib kelish vaqtidan kechikishi mumkin.
"Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi" AJ oʻz mijozlaridan, anomal issiqlik tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noqulayliklar uchun uzr soʻraydi. Yoʻlovchilar xavfsizligi biz uchun har doim birinchi oʻrinda, — deyiladi xabarda.