Issiq ob-havoda temir yoʻl transporti tizimida yoʻlovchilarga qanday qulayliklar yaratilmoqda?

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Axborot-tahliliy media markazi hozirgi issiq ob-havoda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishga oid muhim maʼlumotlarni keltiribdi.

    Maʼlumki, shu kunlarda yurtimizda yuqori darajadagi ob-havo sharoiti kuzatilmoqda. Bunday issiq havoda temir yoʻllariga taʼsiri boʻlishi shubhasiz, deyiladi xabarda. Shu bois, harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida poyezdlarning barcha turlari (yuk va yoʻlovchi) tezligiga cheklov belgilandi.

    Albatta, ushbu anomal issiq havo yoʻlovchi poyezdlarda ketayotgan yoʻlovchilarga ham noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Bu borada “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ tomonidan yoʻlovchi vagonlarni yangilash hamda sovutish tizimi bilan jihozlash borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida quyidagilarni maʼlum qiladi.

    Hozirgi kunda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan jami vagonlardan:

    - 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi (har biri 11 ta vagondan (umumiy 66 ta vagon) tashkil topgan va toʻliq sovutish tizimi bilan jihozlangan);

    - 5 ta tezyurar (“Sharq”, “Nasaf”, “Oʻzbekiston”) yoʻlovchi poyezdlar mavjud boʻlib, umumiy 46 ta vagondan tashkil topgan, barcha vagonlar sovitish tizimi bilan toʻliq jihozlangan.

    Bundan tashqari, boshqa mahalliy hamda xalqaro yoʻnalishdagi yoʻlovchi poyezdlar tarkibida:

    - 15 ta “SV” turdagi vagonlar (sovutish tizimlari bilan toʻliq jihozlangan);

    - 38 ta “Kupe” turidagi vagonlar (22 tasi sovutish tizimi bilan jihozlangan, 16 tasida havo almashtirish (ventilyatsiya) tizimi bilan jihozlangan).

    - 74 ta “Plaskart” turidagi vagonlar (havo almashtirsh (ventilyatsiya) tizimi bilan jihozlangan);

    - 13 ta yoʻlovchilarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga moʻljallangan “Vagon-restoran” turagi vagonlar (sovutish tizimlari bilan toʻliq jihozlangan).

    Hozirgi kunda yoʻlovchilar tashishda 252 ta vagonlardan foydalnilyotganligini, shundan 162 tasi sovutish tizimi bilan toʻliq jihozlangan, 90 tasida esa havo almashtirish (ventilyatsiya) mavjud.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, yoʻlovchi vagonlarni sovutish tizimi bilan jihozlash juda katta sarmoya talab qilinadi, sovutish tizimi bilan jihozlash imkoniyati mavjud boʻlmagan vagonlarni yangisiga bosqichma-bosqich almashtiriladi.

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbariyati tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2022-2024-yillarda 100 ta yangi sovutish tizimi bilan toʻliq jihozlangan vagonlarni xarid qilish reja qilingan.

    Shu bilan birga, jamiyat tomonidan yetakchi halqaro kompaniyalar bilan barcha yoʻlovchi vagonlarni zamonaviy sovutish tizimlari bilan bilan jihozlash maqsadida muzokaralar olib borilmoqda va yaqin vaqtda barcha turdagi yoʻlovchi vagonlar bosqichma-bosqich jihozlanishi belgilangan.

    Yoʻlovchilar tomonidan tushunmovchiliklar kelib chiqishini oldini olish maqsadida hozirgi kunda sovutish tizimi mavjud boʻlgan hamda havo almashtirish (ventilyatsiya) tizimi bilan jihozlangan “Kupe” turidagi vagonlardagi chipta narxida tafovut mavjud boʻlib, chipta xarid qilingan vaqtda vagonlarda sovutish tizimi mavjud yoki mavjud emasligi haqida kassa xodimlari axborot beradi. Agar elektron chipta xarid qilinayotgan boʻlsa, u holda tizimda vagonlarda sovutish tizimi mavjud yoki mavjud emasligi haqida maxsus belgi qoʻyiladi.