“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy binosining tomiga quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatildi

    Energetika 16 Noyabr 2021 1282

    Energiya samaradorlikni oshirish, yoqilgʻi-energiya resurslarini tejash va undan samarali foydalanish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼmuriy binosi tom qismida 116 ta quyosh panellaridan iborat quvvati 40 kVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatilib binoning mavjud elektr energiya taʼminoti tizimiga ulandi.

    Natijada, yiliga oʻrtacha 76,8 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan yiliga 20,7 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish joizki, 2020-2021-yillar davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalari tomonidan jami 186 dona qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari oʻrnatildi, shu jumladan:

    - Quyosh panellari – 46 ta;

    - Quyosh suv isitgichlari – 26 ta;

    - Quyosh panelli yoritish chiroqlari – 114 ta.

    2020-2021-yil 10 oyi davomida jami tizim korxonalarida oʻrnatilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari tomonidan 258,3 ming kVt.soat elektr energiyasi va 450 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilgan. Natijada hozirgi kunga qadar jami 83 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishildi.

    Ushbu loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4422-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.