Bugungi kunda issiqlik elektr stansiyalarda 34 ta chastota oʻzgartirgich qurilmalar, 50 ta kichik quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyalari, 42 ta quyosh suv isitgichlari, 246 ta quyosh panelli yoritish chiroqlari va 914 ta sensorli yoritish datchiklari oʻrnatildi.
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼmuriy binosi tom qismida 116 ta quyosh panellaridan iborat quvvati 40 kVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi oʻrnatilib binoning mavjud elektr energiya taʼminoti tizimiga ulandi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qurilmalarni oʻrnatilishi natijasida oʻtgan yil davomida tizim korxonalari tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun 1 million kVt/soatga teng elektr energiyasi va 719,5 G/kal issiqlik energiyasi iqtisod qilinishiga erishildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining bir qator topshiriqlari asosida “Fargʻona IEM” AJda quvvati 1 800-2 000 kVt va “Sirdaryo IES” AJda quvvati 1 200-1 500 kVt boʻlgan quyosh foto elektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan, ayni damda loyihani tender oldi muvofiqlashtirish ishlari olib borilyapti.
Ushbu loyihani amalga oshirish ishlariga 3,7 million dollarga teng mablagʻ jalb etilishi rejalashtirilgan boʻlib, uning amalga oshirilishi natijasida qoʻshimcha yiliga oʻrtacha 8,7 million kVt/soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqariladi va qariyb 1 million kub/metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.