Issiqxona gazlarining chiqarilishi bilan bogʻliq jarayonlar tartibga solinadi

    Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisda “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash toʻgʻrisida“gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Xabaringiz bor ushbu Qonunda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar mavjudligi hamda Qonunning ayrim normalarini takomilga yetkazishni taqazo etganligi bois, Qonun Oliy Majlis Senatining 2025-yil 25-yanvardagi SQ-62–V-sonli Qarori bilan rad etilgan edi.

    Mazkur qonun Oliy Majlis palatalari tuzgan kelishuv komissiyasi tomonidan takomiliga yetkazilib, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga qayta kiritildi.

    Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda iqlim oʻzgarishini oldini olish, uning salbiy taʼsirlarini kamaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

    Biroq bugungi kunda issiqxona gazlari chiqarilishini tartibga soluvchi qonun va normativ baza yaratilmaganligi respublikada issiqxona gazlarining chiqarilishini kamaytirishda iqtisodiy, texnologik va ekologik yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini cheklamoqda.

    Bu esa, oʻz navbatida, sohani xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishni taqozo etmoqda.

    Qonunda issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish natijasida hosil boʻladigan uglerod birliklari muomalasini amalga oshirishning tartibini belgilash hamda issiqxona gazlari chiqarilishini tizimli nazoratini taʼminlashga eʼtibor qaratilgan.

    Qonunda issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklashning asosiy prinsiplari, uning monitoringi, hisoboti va verifikatsiya tizimi asoslari, tartibi, qisqartirilgan issiqxona gazlariga egalik qilish huquqlari belgilanmoqda.

    Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi Parij bitimiga asosan issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish boʻyicha olingan majburiyatlar Oʻzbekiston tomonidan bajarilishini taʼminlashga, mamlakatimizda iqlim oʻzgarishi boʻyicha olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishga, atrof muhit va ekologiyani yaxshilash hamda mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Shuningdek, Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan iqlim oʻzgarishi va issiqxona gazlarini qisqartirish sohasida ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini samarali amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

    Muhokama yakunida ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.