Maʼlum boʻlishicha, murojaat egasining farzandi 2021-yilning iyun oyida Margʻilon shahrida joylashgan aviakassadan Qirgʻiziston Respublikasi orqali Rossiya Federatsiyasiga uchish uchun uch million soʻmga aviachipta sotib olgan. Biroq keyinchalik uzrli sabab bilan ucha olmasligi maʼlum boʻlgach, aviakassa masʼullariga ushbu masalada murojaat qilib, aviachipta puli qaytarilishini soʻragan. Aviakompaniya vakillari esa unga ushbu holatda aviachipta uchun toʻlangan pulni toʻliq emas, balki uning toʻrt yuz ming soʻminigina qaytara olishlarini maʼlum qilgan.
Murojaat mutaxassislar tomonidan oʻrganilishi jarayonida isteʼmolchi va aviakassa rahbarining muloqoti taʼminlandi. Ularga Oʻzbekiston Respublikasining "Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonunlari mazmun-mohiyati yetkazildi. Aviakassa rahbariga yuzaga kelgan holatda isteʼmolchiga aviachipta puli qaytarilishi lozimligi yoki bunga muqobil variant sifatida parvoz muddatini boshqa paytga koʻchirib berish zarurligi tushuntirildi.
Olib borilgan tushuntirish va targʻibot ishlari natijasi bilan hamda har ikki tomonning roziligi asosida isteʼmolchi chiptasi uch yil muddatgacha foydalanish huquqi bilan uzaytirilib berildi, deyiladi Margʻilon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi Saidxon Xapizov xabarida.