Shu yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga fuqarolardan 6314 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 3837 tasi ogʻzaki, 1640 tasi yozma, 837 tasi esa elektron shaklda yuborilgan, deb xabar beryapti federatsiya matbuot xizmati.
Murojaatlarning 5937 tasi, yaʼni 94 foizi ijobiy hal etilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga 12 166 168 672 soʻm yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.
32 ta murojaat asosida isteʼmolchilarning manfaatlarini koʻzlab sud organlariga daʼvo arizalari kiritilishi va ijobiy hal etilishi natijasida 1 314 651 898 soʻm moddiy va maʼnaviy zarar isteʼmolchilar foydasiga undirildi.
Bundan tashqari, federatsiya va uning hududiy ijro organlari tomonidan isteʼmolchilardan tushgan 34 ta murojaat yuzasidan ularning qonuniy manfaatlarini koʻzlab, nazorat organlariga tegishli murojaatlar yoʻllangan. Masalalar ijobiy hal etilishi tufayli isteʼmolchilar foydasiga 15 400 000 soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
Hisobot davrida isteʼmolchilar tomonidan qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, murojaatlarning 2414 tasi (38,2 foiz) savdo, 803 tasi (12,7 foiz) gaz taʼminoti, 673 tasi (10,7 foiz) elektr taʼminoti, 326 tasi (5,2 foiz) suv taʼminoti, 226 tasi (3,6 foiz) kommunal xizmat, 70 tasi (1,1 foiz) sogʻliqni saqlash, 432 tasi (6,8 foiz) xizmat koʻrsatish, 134 tasi (2,1 foiz) transport, 194 tasi (3,1 foiz) aloqa (va internet), 1042 tasi (11,2 foiz) boshqa sohalarga toʻgʻri kelishini koʻrish mumkin.
Federatsiya tizimida tashkil qilingan 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali jami 1750 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqilishi natijasida 1664 ta masala ijobiy hal etilishiga erishildi.
Mazkur ijobiy hal qilingan murojaatlar natijasida 1 985 138 782 soʻm mablagʻ isteʼmolchilar foydasiga undirilgan.