O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” va 15 mart – Butunjahon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish kuniga bag'ishlangan keng qamrovli ma'rifiy ishlarni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan bo'lib, unda  “Agentlik va yoshlar” shiori ostida Oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida o'quvchi va talaba-yoshlar o'rtasida o'quv seminarlari o'tkazish rejalashtirilgan.

 Uning doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik  universitetida “Iste'molchi raqamli makonda” va “Oqilona iste'mol – farovon turmush garovi” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.  Mazkur tadbirni o'tkazishdan asosiy maqsad yoshlarning huquqiy ongi va iste'molchilik madaniyatini takomillashtirish, elektron savdo sohasi va reklama munosabatlarida iste'molchi huquqlari buzilish holatlari, turmushda oqilona iste'molni amalga oshirish, tabiiy va energoresurslarni asrash bo'yicha oliy ta'lim muassasalari  talabalariga ma'lumot berishdan iborat.

Aytish kerakki, O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi, 2019 yil 11 sentyabrdagi “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida aholining huquqiy savodxonligini yuksaltirishga qaratilgan targ'ibot tadbirlari tashkil etmoqda.

SHuninglek, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish borasida ham keng qamrovli ishlar olib borilayotir. Jumladan,  2019-2021 yillarda 25,9  mingdan ortiq iste'molchilar o'z huquqlari buzilishi yuzasidan Agentlikka shikoyat bilan murojaat qilgan. Ushbu murojaatlar asosida o'tkazilgan o'rganishlarda 4 milliondan ortiq iste'molchilarning huquqlari tiklangan va iste'molchilarga 74,6 milliard so'm miqdoridagi zararni qaytarish yuzasidan qarorlar qabul qilingan.

Agentlikning 1159 ishonch telefoni, www.consumer.uz internet sahifasi bilan bir qatorda telegram (t.me/sonsumerUz) va feysbuk mesenjerlarida iste'molchilar uchun zarur bo'lgan qonun hujjatlari, sohaga oid amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risidagi ma'lumotlar berib borilmoqda.

                             

                                                                           Bahor XIDIROVA,

                                                                         “YAngi  O'zbekiston”  muxbiri