Fuqaro “Quvasoy xrizotil shifer” korxonasida ishlab chiqarilgan 300 dona shiferning har birini 40 ming so'mdan, jami 12 million so'mga sotib olgan. Shiferlar tomga o'rnatilgandan so'ng oradan ma'lum vaqt o'tgach shiferlarda yoriqlar paydo bo'la boshlagan. Xonadon egasi bu haqda o'z e'tirozi bilan korxona mas'ullariga murojaat qilgan.
Korxonadan tashrif buyurgan mutaxassislar 70 ta shiferda nuqson kuzatilgani (yorilishlar mavjudligi) yuzasidan dalolatnoma tuzib, ularni almashtirib berishini aytishgan. Lekin almashtirish ishlari kechikavergach iste'molchi bu haqda shahar Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaatni o'rganish vaqtida nuqsonlar jami 100 ta shiferda kuzatilgani ma'lum bo'lgan.
– Ishlab chiqaruvchi vakili ishtirokida o'tkazilgan o'rganish davomida olib borilgan qayta hisob-kitoblar natijasi bilan esa, korxona tomonidan iste'molchiga nuqsonli 100 ta shifer mahsulotlari uchun 4 million so'm, ularni tomga o'rnatish ishlariga sarflangan 2 million usta haqi, jami 6 million so'm moddiy zarar summasi qoplab berilishiga erishildi, – deydi Farg'ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi Azamatjon Boboev.