Iste'molchilar huquqlari qonun himoyasida

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga fuqarolardan 1091 ishonch telefoni orqali ko'plab murojaatlar kelib tushmoqda.

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati xabarida aytilishicha, federatsiyaga 1091 ishonch telefoni orqali Namangan viloyati Toshloq tumanida yashovchi fuqaro N.Solievdan kelib tushgan murojaatda iste'molchi “YATT A.Axmedov”ga qarashli savdo do'konidan 1 million 450 ming so'm evaziga “Redmi 8A” rusumli uyali aloqa telefoni sotib olgani, biroz vaqt o'tib esa mazkur apparatda nosozliklar yuzaga kelgani, sotuvchiga bir necha marobata telefonni yangisiga almashtirishni yoki pulini qaytarib berishini so'rab murojaat qilgan bo'lsada hech qanday o'zgarish bo'lmaganini aytib o'tgan.

    Mazkur murojaat federatsiyaning Toshloq tuman jamiyati tomonidan o'rganilishi natijasida telefon uchun to'langan pullar iste'molchiga qaytarilishiga erishildi.

    Samarqand viloyati Bulung'ur tumanida yashovchi fuqaro S.Yakubova tomonidan kelgan murojaatda iste'molchi 2020 yil fevral oyida Bulung'ur tumanida joylashgan “Kamilla Travel” MCHJdan Rossiyaga ketish uchun 1 million 630 ming so'mdan 4 ta bilet sotib olgani aytiladi. Biroq pandemiya davrida aviaqatnovlar ma'lum muddatga uzaytirilgani sababli parvoz amalga oshirilmagan. Shundan so'ng, fuqaro aviabilet pullarini qaytarishini so'rab bir necha marotaba murojaat qilsa-da, aviakassa Rossiya davlatiga tegishli ekanini aytib, pullarini qaytarib berolmasligini ma'lum qilgan.

    Ushbu holat bo'yicha federatsiya tomonidan dalolatnoma tuzilib, Samarqand shahar fuqarolik sudiga murojaat qilindi. Sud qaroriga asosan iste'molchiga aviabiletlar uchun to'langan mablag' qaytarilishiga erishildi.

    Shuningdek, Denov tumanida yashovchi fuqaro tomonidan kelgan murojaatda iste'molchi 2021 yil 21 may kuni turmush o'rtog'i va qizi Munisa ishtirokida “Amirxolding savdo” majmuasidan “NOKIA 150” rusumli telefonni 450 ming so'mga sotib olgani, oradan biroz vaqt o'tgach telefon nosozligi sababli fuqaro sotuvchiga telefonni boshqasiga almashtirib berish yoki pulini qaytarishini so'ragani, biroq sotuvchi turli bahonalar orqali bundan bosh tortganini ta'kidlagan.

    Mazkur murojaat federatsiyaning Denov tuman jamiyati mas'ullari tomonidan o'rganilib, telefon apparati tekshirilganda unda hech qanday nosozlik yo'qligi aniqlandi, shundan so'ng iste'molchi xohishiga ko'ra telefonga yangi quvvat moslamasi qo'yib berildi.