Iste’molchilarni neft va gaz resurslari bilan barqaror ta’minlash vazifasi qo‘yildi

    Hukumat 9 Avgust 2021 5564

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-avgust kuni iste’molchilarni neft va gaz resurslari bilan barqaror ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

    Joriy yilning birinchi yarmida tabiiy gaz qazib olish va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan natijalar tanqidiy muhokama qilindi.

    Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz”, “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

    Prezident soha mutasaddilariga iste’molchilar manfaatlarini yuqori qo‘yish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga tabiiy gaz, suyultirilgan gaz hamda neft mahsulotlarini zarur miqdorda yetkazib berish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berdi.

    Xususan, ikkinchi yarim yillikda 32 milliard kub metr tabiiy gaz resurlari balansini ta’minlash, ayniqsa, kuz-qish mavsumida tizimni barqaror ishlatish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun har bir kon kesimida aniq chora-tadbirlarni belgilab, iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish, xorijiy va qo‘shma korxonalar salohiyatidan ham unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

    Geologik-texnik tadbirlarni bajarishga tajribali pudratchilarni, ishlatilmasdan turgan konlarga tanlov asosida investorlarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Ikkinchi yarim yillikda 457 ming tonna, yil yakuni bilan 850 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ta’minlab, aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi.

    Iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari va yangi gaz-kimyo loyihalari ishga tushirilishi inobatga olinib, kelgusi 5 yilda tabiiy gazga bo‘lgan talab ortishi hisob-kitob qilingan. Davlatimiz rahbari bu yillar uchun zarur tabiiy gaz resurslarini shakllantirish maqsadida hozirdan aniq rejalarni ishlab chiqish, energetika sohasini raqamlashtirish kerakligini ta’kidladi.

    Buning uchun sohada geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va mineral xomashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.