Sizga quyida havola etmoqchi bo'lganlarimiz shunday murojaatlardan ayrimlarigina xolos. O'qib xulosa qilishingizni, maishiy texnikalar xaridida ehtiyotkor bo'lishingizni so'rab qolamiz.
“Ishonch”ning ishonchsiz sovitkichi
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat etgan Qarshi shahri Paxtazor kichik dahasida yashovchi Bekmirzo SHabkarov “Ishonch” savdo majmuasiga qarashli savdo do'konidan muddatli to'lov sharti bilan 4 million 750 ming so'mga “Premier” rusumli sovitkich sotib olgan, biroq kafolat muddati tugamasdan yangi sovitkich uch oyda uch marta buzilgan.
Mazkur murojaat o'rganilganda iste'molchi B.SHabkarov tomonidan 2021 yilning 20 sentyabrida 12 oylik muddatli to'lov asosida sotib olingan sovitkich chindan nosoz ekani, uch marta texnik xizmat ko'rsatilganiga qaramay, nosozlik bartaraf etilmagani kuzatilgan.
Federatsiya xodimlarining aralashuvi bilan sotuvchi va iste'molchi o'rtasida rasmiylashtirilgan shartnoma O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi qonuni talablariga muvofiq bekor qilinishi hamda nosoz sovitkich sotuvchiga qaytarilishi ta'minlandi. Iste'molchi 4 million 750 ming so'mni to'lamaydigan bo'ldi hamda to'lovlar qayta hisob-kitob qilindi.
Nosoz gaz plitasi ta'mirlandi
Kattaqo'rg'on tumani iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga shu yil 26 yanvar` kuni murojaat qilgan iste'molchi R.Turdalieva 2021 yil noyabr` oyida Kattaqo'rg'on tumanidagi “Zafar” savdo do'konidan 2 900 000 so'mga gaz plitasi sotib olganini, oradan bir oy o'tmay, gaz plitasida nuqsonlar paydo bo'lganini ma'lum qilgan.
Federatsiya xodimlari o'rganish ishlari olib borib, murojaatchi xonadonidagi yangi gaz plitasi chindan nosoz holga kelganiga guvoh bo'lishdi. SHundan so'ng do'kon xodimlariga tushuntirish ishlari olib borilgach, zudlik bilan R.Turdalievaning gaz plitasi do'kon servis xizmati tomonidan ta'mirlab berildi.
YAngi televizoringiz ishlamasa-ya...
Qorako'l tumani SHorobod qishlog'ida yashovchi N.O. O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilib, Buxoro shahri “Karvon” bozorida joylashgan do'kondan 2 900 000 so'mga “Samsung” rusumli 43 dyuymli televizorni muddatli to'lov asosida xarid qilganini, qisqa muddatda ushbu televizor yaxshi ko'rsatmay qolganini ma'lum qilgan.
O'rganish ishlari olib borilib, murojaatchining arizasi ijobiy hal etildi. Nosoz televizor darhol tuzatib berildi.
Federatsiyaga kelib tushayotgan ba'zi murojaatlar kichik masaladek ko'rinadi. Ammo shu arzimas shikoyatlar katta e'tirozga sabab bo'lishi mumkin. SHu bois ham bugun federatsiya xodimlari tomonidan har bir murojaatchining arizasi e'tibordan chetda qolmaydi.
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati