Unda qayd etilishicha, isteʼmolchi Buxoro shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Lediform” savdo doʻkonidan 1 800 000 soʻmlik ayollar paltosi va 400 000 soʻm soʻmlik shim xarid qilgan, ammo paltoning 3 dona tugmasi va yoqasi boʻlmagan. Isteʼmolchi paltoning yoqasi va tugmalari yoʻqligini aytganda, sotuvchi buning uchun qoʻshimcha pul soʻragan. Ushbu murojaat oʻrganilishi natijasida palto uchun toʻlangan 1 800 000 soʻm mablagʻ isteʼmolchiga toʻliq qaytarib berildi.
Buxoro shahrida yashovchi G.A.ning murojaatida qayd etilishicha, isteʼmolchi “Wallmart World Wide” MCHJga qarashli savdo doʻkonidan 9 000 000 soʻmlik “ZIFFLER” konditsionerini xarid qilgan. Biroq oradan koʻp vaqt oʻtmay konditsioner ishlamay qolgan. Shundan soʻng isteʼmolchi sotuvchiga yuzaga kelgan holatni tushuntirgan va konditsionerni taʼmirlab berishni soʻragan. Sotuvchi esa buni rad etgan. Murojaat oʻz vaqtida oʻrganilishi natijasida konditsioner tadbirkor tomonidan sifatli taʼmirlab berildi.
Kogon tumanida yashovchi fuqaro K.F. oʻz murojaatida joriy yilning oktyabr oyida Gʻijduvon tumani buyum bozorida joylashgan maishiy texnika doʻkonidan Samsung A32 rusumli televizor xarid qilgani, hozir u nosoz ahvolga kelib qolganini bayon qilgan. Ushbu murojaat oʻrganilishi natijasida televizor uchun toʻlangan 1 800 000 soʻm mablagʻ isteʼmolchiga toʻliq qaytarildi.
Chortoq tumanida yashovchi bir guruh fuqarodan kelgan yozma murojaatda qayd etilishicha, isteʼmolchilar tumanda joylashgan “Nalol goʻsht export” MCHJ bilan “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida jami 125 000 000 soʻmlik zotdor quyon yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma imzolagan. Biroq quyonlar oradan bir oy oʻtsa hamki oʻz egalariga topshirilmagan. Bundan norozi boʻlgan isteʼmolchilar tadbirkorga bir necha marotaba shikoyat qilgan boʻlsa-da, murojaati eʼtiborsiz qolgan.
Oʻrganish davomida federatsiya xodimlari tadbirkorga tushuntirish ishlarini olib borgan boʻlsa-da, tadbirkor boʻyin tovladi. Shundan soʻng holat yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi va sud qaroriga asosan 125 000 000 soʻm isteʼmolchilar foydasiga hal etildi.
Karmana tumanida yashovchi fuqaro E.R. oʻz murojaatida xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga avtomashina uchun boshlangʻich badalni toʻlagani, maʼlum sabablarga koʻra pulni qaytarib olmoqchi boʻlganda esa, koʻplab muammolarga duch kelganini aytib oʻtgan. Murojaat oʻrganilishi natijasida avtomashina uchun toʻlangan 8 838 000 soʻm isteʼmolchiga qaytarildi, deyiladi federatsiya axborot xizmati xabarida.