Oʻtgan yil may oyida yurtimizda ilk bor elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun joriy etilgan ijtimoiy norma odamlarni tejamkorlikka oʻrgatishi haqida gapirilgandi. Garchi masala jiddiy tus olib, narx-navo koʻtarilgani va ijtimoiy norma amaliyotga kiritilishi koʻplab eʼtirozlarni yuzaga keltirgan boʻlsa-da, bugungi kunga kelib, ushbu yondashuv haqiqatan aholini tejamkorlikka oʻrgatayotgani koʻzga tashlanadi. Endi elektr energiyasidan har qancha foydalansak ham bir xil toʻlov qilmaymiz, sarf ortgani sari narx oshib boradi. Oddiyroq aytganda, koʻproq foydalangan koʻproq toʻlaydi, kamroq foydalangan aksincha.
Jahon tajribasida shunday boʻlib kelgan — har kim isteʼmoliga yarasha toʻlaydi. Isrof qilgan buning badalini choʻntagidan qoplaydi, boshqalarning isteʼmol huquqini poymol qilmaydi. Tejagan esa hamyoniga foyda qiladi. Xullas, buyogʻi bozor iqtisodiyoti.
Tejamkorlikka undovning ayni shakli yurtimizda yillar davomida amal qilgan — elektr energiyasi va gaz isteʼmolida isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, noqonuniy foydalanmaslik, foydalanilmagan vaqtda elektr uskunalarni oʻchirib yurish, isteʼmol uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlash kabi jon kuydirib aytilgan daʼvatlardan koʻra ancha samarali ekani amaliyotda yaqqol koʻrinyapti. Endi bunday gaplarni biror kimga aytishning hojati yoʻq, tizim allaqachon raqamlashtirilgan, barchasi avtomatik amalga oshiriladi.
Oʻzgargan yoki oʻzgarmagan narx?!
Gap tabiiy resurslardan foydalanishdagi tejamkorlik haqida boryapti. Bu bir necha oila yoki hudud miqyosidagi masala emas. Koʻpchilik yaxshi biladi, tabiiy resurslarni tejab, oqilona foydalanish global masalaga aylangan. Ularning zaxiralari qisqargani sari jahon bozoridagi qiymati oshib boryapti. Endi ulardan foydalanish samaradorligini oshirishda yangicha, zamonaviy yondashuvlar talab etilmoqda.
Keyingi yillarda yurtimiz boʻylab barcha xonadonlarga zamonaviy elektron hisoblagichlar oʻrnatilgani boisi shunda. Inson omilisiz ishlaydigan bu qurilmalar aholi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan oʻgʻrincha foydalanish, ortiqcha isrof kabi holatlarga chek qoʻydi. Tizimni toʻliq raqamlashtirish esa keyingi qadam — elektr energiyasi va gaz toʻlovlari uchun ijtimoiy normani belgilashga yoʻl ochdi. Bu ham toʻliq inson omilisiz ishlaydigan tizim boʻlib, avvalo, tejamkorlik, tabiiy resurslardan bemaqsad foydalanmaslikka xizmat qiladi.
Ijtimoiy norma “isteʼmolga yarasha toʻlov” mezoniga asoslangani uchun odamni behuda isrofgarchilikdan tiyib turadi. Qolaversa, bu ijtimoiy adolatni taʼminlaydi. Masalan, bir oyda ming kilovatt elektr energiyasi sarflaydigan xonadon 200 kilovattgacha ishlatadigan 5 ta oila isteʼmoliga teng elektr energiyasidan foydalanar ekan, toʻlovni ham shunga yarasha qilishi kerak. Yaʼni uyida barcha sharoitlari boʻlib, elektr uskunalari koʻpligi oʻsha oilaning elektr energiyasidan boshqalardan koʻproq foydalanishi, biroq hamma qatori toʻlov qilishiga asos boʻlolmaydi. Afsuski, yillar davomida shunday boʻlib kelgan.
Oʻtgan yili ijtimoiy norma ilk bor amaliyotga kiritilganda elektr energiyasi toʻlovlari bir oyga 200 kilovattgacha 450 soʻm, 1000 kilovattgacha 900 soʻm etib belgilangandi. Odamlar bir yil davomida shu asosda toʻlovlarni amalga oshirdi. Bu davrda oʻzimiz foydalanadigan meʼyor va tejamkorlikni ham ancha oʻrganib oldik. Agar elektr uskunalar keraksiz vaqtda ham yoqiq qoldirilmasa, chiroqlar tejamkor turlariga almashtirilsa, faqat qariyalar emas, har birimiz ishlamay turgan qurilmalarni tokdan uzib qoʻyishga odatlansak, hech kim boʻlmagan xonada havo sovitkich, televizor ishlab turmasa, aslida, koʻpchiligimizning elektr energiyasi isteʼmolimiz bir oyda 200 kilovattdan oshmasligi oydinlashib qoldi.
Ammo ijtimoiy norma qatʼiy belgilangani narxlar endi oshmaydi degani emas. Bozordagi har bir mahsulot kabi tabiiy gaz va elektr energiyasi toʻlovlari ham muayyan vaqtda oshirilish zaruratiga ega. Gap joriy yilning 1-may sanasidan boshlab ushbu toʻlovlar oshgani haqida boryapti. Shu asosda yangi tariflar belgilandi. Endilikda elektr energiyasi uchun bazaviy meʼyor boʻyicha 200 kilovatt soatgacha 600 soʻm (bungacha 450 soʻm edi), 201 kilovattdan 500 kilovatt-soatgacha 800 soʻm, 501-1000 kilovatt-soat uchun 1000 soʻm, tabiiy gaz uchun esa oyiga 500 kub metrgacha 1000 soʻm (bungacha 650 soʻm edi), 501-2500 kub metrgacha 1800 soʻm toʻlov amal qilmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, tariflar oʻzgarishi bilan kechgan narx oshishi tejamkor oilalarga sezilmasligi ham mumkin. Yaʼni ular uchun oradagi farq katta boʻlmaydi. Hatto grafikdagi oʻzgarishlar aholi uchun yengillik yaratishga qaratilgan. Yaqinda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu boradagi kichik hisob-kitobni eʼlon qildi. Mutaxassislar elektr energiyasi narxi oʻzgargach, bir abonent uchun bir oylik qoʻshimcha xarajat necha soʻm boʻlishini hisoblagan. “Agar siz bir oyda 50 kilovatt-soat elektr energiyasi yoqsangiz, demak, xarajatingiz 7500 soʻm oshibdi. Bu kunlik 250 soʻm qoʻshimcha xarajat degani. Meʼyoriy baza miqdori doirasida elektr energiyasi yoqadigan abonent esa bir oyda 30 ming soʻm, kuniga 1000 soʻmdan qoʻshimcha sarflaydi. Oyiga 500 kilovatt-soat elektr energiyasi isteʼmol qiladigan abonentlar uchun toʻlovda hech nima oʻzgarmagan. Ular avvalgidek 360 ming toʻlashda davom etadi”, deyiladi maʼlumotda.
Yana oʻsha tejamkorlikka borib taqalyapti gap. Tabiiy gaz va elektr energiyasi toʻlov narxlari oshgani aniq. Ammo bu narxlar tejamkor oilalar uchun nisbatan arzonroqqa tushadi. Qolaversa, ijtimoiy normaning ahamiyati bu yerda yanada yaqqol koʻrinadi: tariflar ham, toʻlovlar ham isteʼmolga yarasha boʻladi. Bu xuddi mobil operatorlarda foydalanuvchilar talablariga mos joriy etilgan qator tariflar, internet toʻplamlari tariflari va boshqa shu kabi “isteʼmolga yarasha toʻlov” mexanizmlarining bir koʻrinishi. Har kim ehtiyoji va choʻntagiga yarasha tanlaydi va xarajat qiladi.
Kompensatsiya kimlarga beriladi?
Dunyoning koʻplab mamlakatlarida odamlarning asosiy xarajatlari kommunal toʻlovlarga ketishi haqida koʻp eshitganmiz. Sababi narx-navo ancha qimmat. Aslida, bu bejiz emas. Soha mutaxassislarining aytishicha, tabiiy gaz va elektr energiyasini isteʼmolchilarga yetkazib berish xarajatlari nihoyatda qimmatga aylanadi. Ayrim davlatlarda toʻlov tariflari shunga yarasha belgilanishi boisi shunda.
Yurtimizda esa elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun belgilangan toʻlovlar hali ham ancha arzonligi aytiladi. Oʻtgan yili narxlar oshirilgunga qadar ishlab chiqarish xarajatlarining asosiy qismini davlat subsidiya asosida qoplagan. Hozirgi kunda 1 kilovatt elektr energiyaning tannarxi, yaʼni ishlab chiqarish xarajatlari qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan 1,002 soʻmni tashkil qiladi. Oʻrnatilgan meʼyor boʻyicha toʻlov narxlari ham elektr energiyasi ishlab chiqarish, uni yetkazish, taqsimlash uchun qilinadigan xarajatlarni toʻliq qoplamaydi. Shunga qaramay, aholining birlamchi ehtiyojlari va zarur boʻlgan miqdorni inobatga olgan holda 200 kilovattgacha elektr energiya uchun imtiyozli, subsidiyalangan narxlar taqdim etilgan.
— Buni oyiga 500 kilovatt-soatgacha elektr energiyasi ishlatadigan aholi misolida tahlil qilib koʻramiz, — deydi Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev. — Shuncha miqdordagi meʼyor uchun oyiga 360 ming soʻm toʻlanadi, ammo ishlab chiqarish xarajati 500 ming soʻmdan oshadi. Demak, davlat hali ham aholiga 140 ming soʻm subsidiya beryapti. Yillar davomida yurtimizda elektr energiyasi narxlari arzon boʻlgani haqida gapiramiz, ammo shunga yarasha tizimda ham islohotlar boʻlmagan. 2023-yilgacha deyarli katta ishlar qilinmagan, mablagʻ yetishmagan. Aynan 2023-yildagi anomal qish energetika sohasidagi asl vaziyatimizni koʻrsatib qoʻydi. Tub islohotlar samarasini odamlarning oʻzi ham qisqa vaqtda koʻra boshladi.
Ijtimoiy normaning oʻzi avval boshdan aholi tomonidan sotib olishda qoʻllaniladigan imtiyozli tarif ekani aytilgandi. Yaʼni energiya muayyan meʼyorgacha nisbatan past (imtiyozli) narxda va bu meʼyordan yuqori isteʼmol uchun bozor narxlarida sotiladi. Hozirgi tariflar boʻyicha 200 kilovattlik meʼyor imtiyozli hisoblanadi va bu aholining barcha qatlamiga amal qiladi.
Bunga qoʻshimcha tarzda yurtimizda toʻlov qobiliyatiga ega boʻlmagan va ijtimoiy ¬yordamga muhtoj aholi qatlami uchun alohida kompensatsiya belgilandi. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan shu yilning 1-may sanasidan boshlab ehtiyojmand aholiga davlat tomonidan gaz va elektr energiyasi toʻlovlarida alohida yordam — yil davomida kompensatsiya beriladigan boʻldi. Avvallari bunday yordam faqat qish mavsumida berilgan.
Bu ham ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga koʻmak berishning oʻziga xos shakllaridan biri. Aniqrogʻi, kam daromadga ega oilalar uchun 2025-yil 1-maydan 2027-yil 1-aprelga qadar elektr uchun oyiga bazaviy meʼyor (200 kilovatt)dan ortiq foydalanilgan 150 kilovattgacha, gaz uchun noyabr-fevral oylarida bazaviy meʼyor (500 kub metr)dan koʻp foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda esa 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun toʻlovlar davlat tomonidan toʻlab berilishi katta yordam, aslida.
Ehtiyojmand oilalar qatoriga esa, avvalo, ijtimoiy himoya yagona reestridagi oilalar kiradi. Yaʼni birgalikdagi oylik daromadi teng taqsimlanganda 669 ming soʻmdan kam chiqqan oilalar ushbu tizimga kiritilgan. Kompensatsiya toʻlab beriladigan keyingi talabgorlar esa kambagʻal ¬oilalar reestri roʻyxatidagilardir. Shuningdek, ikkala reestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila aʼzosiga 1 million soʻmdan oshmaydigan oilalarga gaz va elektr toʻlovi uchun kompensatsiya toʻlanadi.
Ushbu amaliyot shu yilning 1-may sanasidan kuchga kirdi. Kompensatsiya olish uchun arizalar 1-iyundan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mahallalardagi ijtimoiy xodimlar orqali qabul qilinmoqda. Bugungi kungacha 915 mingdan ziyod oila kompensatsiya olish uchun ariza topshirgan. Ularning 808 mingdan ortigʻi ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan, kambagʻal deb topilgan oilalar boʻlsa, 106 mingdan ziyodi hali roʻyxatga kirmagan, ammo yordamga muhtoj oilalardir. Maʼlumotlarga koʻra, 2024-2025-yilgi isitish mavsumi uchun umumiy kam taʼminlangan oilalarga 313,6 milliard soʻm yordam berilgan boʻlsa, joriy yilda umumiy hisobda 1 trillion 330 milliard soʻm miqdorda kompensatsiya ajratilishi rejalashtirilgan.
Elektr energiyasi uzluksizligi oʻz qoʻlimizda!
Ayni paytda yurtimizda chilla mavsumi avj pallada. Bunday vaqtda sovitish texnikasidan foydalanish koʻlami ortgani hisobiga uyimizdagi elektr hisoblagich odatdagidan tezroq aylanadi! Istaymizmi-yoʻqmi, ayrim mavsumlarda elektr energiyasiga talabimiz keskin oshadi. Shunday vaqtda tejamkorlik haqida oʻylash u yoqda tursin, elektr tokida ozgina uzilish boʻlib, chiroq oʻchib qolsa, xunobimiz chiqadi.
Ammo shunday sharoitda ham tejamkorlikning iloji bor. Muammoning yechimi — muqobil energiya manbalarida. Avvallari bu borada faqat dunyo tajribasini gapirardik. Bugun esa Oʻzbekiston “yashil” energetikaga faol oʻtib bormoqda. Sanoat korxonalaridan tortib, aholi xonadonlarigacha quyosh panellari oʻrnatilyapti. Buning uchun imtiyoz, subsidiyalar ajratilyapti. Maqsad tabiiy resurslarni tejash, muqobil energiya manbalari hisobidan mavjud ehtiyojni qoplash, qolaversa, ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.
Elektr tokini gaz yoki boshqa yoqilgʻi manbalaridan olishdan koʻra quyosh yoki shamoldan foydalanish ancha barqaror va zararsiz. Boisi, ular qayta tiklanish xususiyatiga ega. Jahon miqyosida energetika zaxiralari tobora kamayib borayotgan vaqtda bu eng zarur va ishonchli yechimga aylangan. Qolaversa, sayyoramizdagi demografik oʻsish bevosita elektr energiyasiga talabni oshirmoqda. Masalan, “Ember” nashri maʼlumotiga koʻra, 2024-yilda global elektr energiyasi isteʼmoli 4 foiz oʻsib, ilk bor 30 milliard kilovatt-soatdan oshgan. Eng yuqori isteʼmol Xitoy va AQSH hissasiga toʻgʻri kelyapti. Isteʼmol talabi oshishiga esa elektromobillar, data-markazlar va issiqlik nasoslari kabilar tobora kuchliroq taʼsir koʻrsatmoqda. Mazkur tarmoqlar global elektr energiyasi isteʼmoli oʻsishining 17 foizini taʼminlagan. Yurtimizda ham bunday talab oʻsishda davom etyapti. 2030-yilga borib mamlakatimiz isteʼmolchilarining elektr energiyasiga yillik talabi joriy 74 milliard kilovatt-soatdan 110 milliard kilovatt-soatgacha oshishi hisob-kitob qilingan.
Endi muqobil energiya manbalaridan foydalanish koʻrsatkichini oshirish hisobiga bu talab qondirib boriladi. Jumladan, Oʻzbekiston oʻz oldiga 2030-yilga borib “yashil” energiya hajmini 54 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Bu harakatlar oshirilgan tariflarni muayyan maʼnoda yumshatish barobarida tejamkorlik, energetika resurslaridan toʻgʻri va oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, hozir 10 ta viloyatda umumiy quvvati 4067 megavatt boʻlgan 11 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 3 ta shamol stansiyasi bor. Ular tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi esa joriy yil boshidan buyon 4 milliard kilovatt-soatdan oshgan. Qizigʻi, bir oy oldin bu koʻrsatkich 3 milliard kilovatt-soatga yetgani qayd etilgandi. Bu oʻtgan vaqt mobaynida quyosh va shamol elektr stansiyalaridan kuniga oʻrtacha 34,5 milliard kilovatt-soat elektr energiya olindi degani.
Bu raqamlar aholining quyosh panellaridan foydalanish koʻrsatkichi oshib borayotgani hisobiga ortmoqda. Joriy yilning 1-iyun holatiga koʻra, yurtimiz boʻyicha jami 121 ming 168 ta obyektga umumiy quvvati 1417,3 megavattga teng kichik quvvatli quyosh panellari oʻrnatilgan. Shundan eng koʻpi — 173 ming 798 tasi aholi, 26 ming 831 tasi esa tadbirkorlik subyekti tomonidan oʻrnatilgani qayd etilmoqda. Ushbu jami panellar orqali joriy yilning besh oyida 489 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan boʻlib, natijada 148 million kub metr tabiiy gaz tejalgan, 220 ming tonna zararli gaz atmosferaga chiqishining oldi olingan.
Xonadoniga quyosh panellari oʻrnatgan yurtdoshlarimizning koʻpi bilan suhbatlashganimda, deyarli hammasi zamonaviy texnologiyaning afzalliklari haqida gapiradi. Ulardan olinadigan ortiqcha energiyani davlatga sotib, daromad qilayotganlar oramizda koʻpaygan. Hech boʻlmasa, oʻz ehtiyojiga foydalanganda ham odamlar quyosh panellari orqali elektr energiyasiga sarflaydigan xarajatini yaxshigina tejamoqda. Bu tejamkorligi bilan milliy iqtisodiyot va tabiatga ham foyda keltiryapti.
Yaʼni bugun elektr energiyasi isteʼmoli bevosita ekologik barqarorlikning bir qismiga aylangan. Kuni kecha eʼlon qilingan yillik statistik sharhga koʻra, dunyo energiya tarmogʻida karbonat angidrid tashlanmalari boʻyicha yangi rekord oʻrnatilib, ketma-ket toʻrtinchi yil yuqori koʻrsatkichga koʻtarildi. Bu sayyoramizda elektr energiyasi isteʼmoli ortib borayotgani bilan bogʻliq. Aniqrogʻi, global energiya taʼminoti 2006-yildan beri birinchi marta 2 foiz oʻsgan. Barcha manbalar, xususan, neft, gaz, koʻmir, atom, gidroenergetika va qayta tiklanadigan energiya manbalari koʻpaydi. Bu CO2 emissiyasini taxminan 1 foiz oshishiga olib keldi. Toʻgʻri, bu vaqtda shamol va quyosh energiyasi ham 16 foiz oʻsgan, bu energiyaga talabning umumiy oʻsishidan toʻqqiz barobar tezroq. Shunga qaramay, Dubaydagi COP28 iqlim sammitida kelishib olinganidek, dunyo 2030-yilga borib qayta tiklanadigan quvvatlarni uch baravar oshirish maqsadiga erisha olmayotgani taʼkidlanyapti.
Agar mamlakatlar iqtisodiyotida eng koʻp elektr energiyasi isteʼmoli va ulardan chiqadigan zararli gazlar aynan sanoat korxonalari hissasiga toʻgʻri kelishini hisobga olsak, ushbu tarmoqlarda muqobil energiyadan foydalanish, ayniqsa, dolzarbligi koʻrinadi. Qolaversa, bu tarmoqlarning ishlashi uchun barqaror quvvat manbalari zarur. Shu yilning 23-iyun kuni davlatimiz rahbari yirik sanoat korxonalarini “yashil” energiya bilan taʼminlash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishar ekan, energiya isrofini kamaytirish, ayniqsa, yirik sanoat korxonalarida tejamkor uskunalar oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.
Yaʼni energiyani nafaqat ishlab chiqarish, balki tejash ham juda muhim. Xoʻsh, sanoat tarmoqlarida bu qanday amalga oshiriladi? Masalan, maʼlumotlarga koʻra, suv xoʻjaligidagi nasoslarga yiliga 6,5 milliard kilovatt-soat elektr sarflanyapti. Shu bois, 12 ta yirik nasosni modernizatsiya qilib, har biriga 75-100 megavattli quyosh stansiyasi hamda 50 megavattli saqlash qurilmasi oʻrnatish vazifasi belgilandi. Natijada nasoslarning elektr sarfi yiliga 2 milliard kilovatt-soat kamayib, 4,5 milliard kilovattga tushadi. Neft-gaz korxonalarida ham 240 megavattli quyosh stansiyasi va 300 megavattli saqlash qurilmalari oʻrnatib, kamida 600 million kilovatt-soat elektr olish imkoniyati bor.
Yurtimiz boʻylab sanoat korxonalarida quyosh panellari oʻrnatishga kirishib ketilgani boisi shunda. Buning uchun yirik investitsiyalar jalb etilyapti. Birgina Namangan viloyati Davlatobod tumanida 2023-yildan beri quyosh panellari oʻrnatish hajmi 1-2 barobar oshgan. Tumandagi qogʻoz va toʻqimachilik korxonalari uchun aksessuarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan zavodlardan birida oʻtgan yili quyosh panellari oʻrnatilgach, elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati yanada oshdi. Uzluksiz ishlab chiqarilayotgan elektr toki umumiy tarmoqqa toʻlanadigan xarajatlarni keskin kamaytirdi. Asosiysi, tadbirkor Shavkatjon Siddiqov istalgan vaqtda chiroq oʻchib qolib, zavodida ish toʻxtab qolishi muammosidan xalos boʻldi.
Zavod tomiga oʻrnatilgan quyosh panellari soatiga oʻrtacha 846 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Korxona ehtiyojidan ortgan qismi davlatga sotilyapti. Hozirgi kunga qadar sotilgan 45 ming kilovatt-soat elektr energiyadan olingan daromad korxonaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirildi.
Umuman, bugun elektr energiyasi tejamkorligi borasidagi harakatlar oddiy targʻibotdan ancha yuqori. Yangicha yondashuv va zamonaviy texnologiyalar endi bevosita amaliyotda qoʻllanilyapti. Hozir uydagi biror qurilmani shunchaki oʻchirib qoʻyishdan koʻra xonadonda energiyatejamkor uskunalardan foydalanish aniq samaradorlikni koʻrsatadi. Bunga oʻzimiz ham moslashib boryapmiz. Endi qanday qilib elektr energiyasi va unga ketadigan xarajatlarimizni qisqartirishni yaxshi bilamiz. Shunga qarab harakat ham qilyapmiz.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri









