Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tuman boʻlimi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.T. yashirin sex tashkil qilib, sanitariya qoidalariga zid ravishda turli xildagi goʻsht mahsulotlari tayyorlab sotish bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlanib, tadbir yakunida isteʼmolchilarning hayoti va sogʻligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan jami 1 271,5 kg goʻsht mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Jondor tuman boʻlimi tomonidan tegishli mutasaddi tashkilotlar xodimlari bilan oʻtkazilgan oʻrganish davomida, fuqaro F.F. “Jondor tuman EKO bozor” MCHJ hududida isteʼmolchilarning hayoti va sogʻligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan 1 100 kg goʻsht mahsulotini muomalaga kiritish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksning 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.