Isteʼmolga yaroqsiz tamaki va alkogol mahsulotlarini sotayotgan shaxslar ushlandi

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan noqonuniy sado-sotiq bilan shugʻullanish holatlarini aniqlash boʻyicha tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan J.I. xaridorga 1 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan sotish maqsadida olib kelingan umumiy bahosi 64,6 mln soʻm boʻlgan, jami 3 385 quti xorijda ishlab chiqarilgan aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Shuningdek, Departamentning Xiva tuman boʻlimi tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish yuzasidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida, tumandagi "Gandimiyon diyori" koʻchasida joylashgan savdo doʻkonida 257 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari sotuvga qoʻyilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.