Ey, yurtimga miqyos izlab, dunyoga boʻylab,
Xalq ishqida kuyib yongan Prezidentim!
Kecha-kunduz oʻzni emas,
Bizlarni oʻylab,
Halovatdan tamom tongan Prezidentim!
Bilaman,
Siz balandparvoz gapni suymaysiz-
Tilyogʻlama kimsalarga yoʻq Sizda toqat.
Lekin Sizday jaydari gap ayta olsak biz
Oqilona tan olasiz,
Bu zoʻr layoqat!
Mana oʻsha jaydari gap
Jaydari fikr,
Garchi olamda davlat koʻp,
Koʻp atangan xalq,
Lek hayotga teran boqib soʻng etsak zikr,
Qayerda bor biz singari bek atalgan xalq?!
Yaʼni Sohibqiron bobom berganday saboq,
Biz amiri Turkistonmiz,
Mulki Turonmiz.
Keng dunyoni tigʻ-la emas, ilm-la olmoq
Orzusida yongan nasli Oʻzbekistonmiz!
Hech lofi yoʻq tagʻin bita holga bersam tan,
Xushomadga yoʻymagaysiz fikrimni zinhor.
Ishlariga qoyil qolib dunyo tan bergan,
Sizday odil, mard Xalqboshi, ayting, qayda bor?!
Shu odillik, shu mardlik-la ayladingiz bas –
Vallomatlik, gʻoʻdayganlik oʻla boshladi.
Avvalgiday butun bir xalq davlatga emas
Butun davlat xalqqa xizmat qila boshladi.
Yana bir haq gapni aytgum sigʻmay jahonga
Siz-bizsiz,
Biz-Sizmiz yaʼni
Erurmiz egiz.
Biz bunyodkor boʻlsak yangi Oʻzbekistonga,
Ey, Yurtboshim!
Siz istiqbol meʼmoridirsiz!
Sizning,
Bizning kuch-qudratga kim shubha qilsa,
Kelsin,
Kezsin yurtimizni,
Har yogʻin koʻrsin.
Kim bu dunyo jannatin his etmoqchi boʻlsa
Koʻrsin gullar shahri boʻlgan Namangan koʻrkin!
Yoʻq!
Birgina Namanganmas,
Butun yurt oʻtdi,
Tom maʼnoda tadbirkorlik harakatiga.
Siz bosh boʻlgach, bu ham bor gap,
Aylanib ketdi
Oʻzbekiston bunyodkorlik mamlakatiga!
Sirmas, algʻov-dalgʻovlardan bezovta dunyo,
Tahlikada yashayotir jumlai olam.
Toʻrt-besh davlatgina tinchdir lof emas aslo
Ular ichra bor bizning hur Oʻzbekiston ham!
Pandemiya sabab yana bir hisni tuydik,
Salomatlik zarur ekan asli avvalo.
Yoshlarni qoʻllar ekanmiz,
Qoʻshib ham qoʻydik
Aholi sogʻligini ham qildik muddao.
Yana bitta erkakcha gap,
Misli qoida,
Bosh boshlasa oyoq tashlar, bundan koʻngil toʻq.
Siz borsiz-biz bor,
Dunyoning biron joyida
Oʻzbekiston xalqi yangligʻ hamjihat xalq yoʻq!
Bobolarga xos sizlar ham qozoningiz nom!-
Deb tashlagan shioringiz ayni haqiqat.
Yaʼni buyuk ajdod ishin ettirmoq davom
Boʻlmogʻi shart avlodlar chun ham ulugʻ niyat.
Oqqan daryo oqaverar, boʻlar boʻlgan el,
Ertaga kim boʻlmoq asli bogʻliq niyatga.
Yaxshi niyat qilib bizlar bogʻladikmi bel
Nomimiz naqsh aylagaymiz abadiyatga!
Buning boisi bor:
Qoyil himmatingizga,
Gʻaznadan behisob hadya etib turibsiz.
Istasang yulduzni uzib ol!-deya bizga
Otalarcha doim yelka tutib turibsiz.
Ajabmas baxt oʻzi bizni keladi yoʻqlab,
Dunyolarni bosib ketar “urra-urra”miz.
Chunki bizlar
Sizning qutlugʻ ishonchni oqlab,
Siz koʻzlagan buyuk yurtni
Birga quramiz!
Ziyoviddin MANSUR,
Namangan 29.12.20 y.