Shu yillar davomida, ayniqsa soʻnggi paytlarda amalga oshirilayotgan mislsiz bunyodkorlik ishlari aqlni shoshiradi. Zahmatli mehnatlarning samarasini his etish, ozod va obod elimizning ulugʻvor qiyofasini koʻrish baxti naqadar farahli!
Ushbu qutlugʻ kunlarda Muhtaram Prezidentimizning bu yutuqlarimizni koʻrib, mehnatkash xalqimiz fidoyiligini minnatdorlik, shu bilan birga gʻurur va iftixor bilan eʼtirof etganlarini chuqur hayajon bilan tinglab, tomosha qildik...
Xalqimizning mushkulini oson, uzogʻini yaqin qiladigan keng, ravon yoʻllar, yangi-yangi metro stansiyalaridagi goʻzallik, orastalik yuksak madaniyat tamoyillarini koʻz-koʻz qilmoqda.
Yangidan barpo etilayotgan osmonoʻpar binolar, jahon tamadduniga daxldor aqlli shaharlarimiz yangilanayotgan Oʻzbekistonning, qaddiyu qadri osmonlarga boʻylayotgan xalqimizning eng ulugʻ, eng aziz bayrami kunlarida qalblarni quvonchu shodlikka toʻldiradi.
Pandemiya sabab mahzunlikka yuz tutgan dillarga madad, umid, ishonch bagʻishlaydi... Beixtiyor yuraklarning tub-tubidan “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim”, degan shukronalikka, faxru iftixorga yoʻgʻrilgan izhor yangraydi.
Bu tinchliksevar, vatanparvar xalqimizning ona yurtiga boʻlgan iqrori, muhabbatidan darak!
Bugungi ulkan yutuqlar, yuksalishlarga boqib, oʻz xalqi istiqlolini orzu qilgan, bu yoʻlda jonini ham ayamagan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir, Choʻlpon, Abdulla Avloniy kabi maʼrifatparvar, jadid bobolarimiz siymolari koʻz oldimizdan birma-bir oʻtmoqda. Axir xalqining ozodligi, ona Vatan hurligi, milliy madaniyatimiz, qadriyatlarimiz tantanasi uchun ozmuncha qonlar toʻkilmagan.
Aytishadiku, “Ona tuproq tomchi suvdan loyga, tomchi qondan esa Alloh izmi bilan jon rishtasi —Vatanga aylanadi”. Demak, Vatan uchun toʻkilgan qonlar behuda ketmaydi. Qatagʻon qurbonlarining aziz joni ularning aziz Vatani bagʻrida, elining qalbida!
Zero, bu yuksalishlarning asosida jadidchilik harakati va ularning maqsad-muddaosini ifodalagan mustaqillik milliy mafkurasi yotibdi. Qolaversa, 29 yil avval ular orzusiga yoʻl ochgan Istiqlol degan neʼmat turibdi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bularni unutish mumkin emas. Aslida sadoqatli farzandlar oʻzlarining kindik qoni toʻkilgan ona zamin tuprogʻini muqaddas bilib, uni yot koʻzlardan asrashi, dorilamon kunlarga yetish nasib etmagan asl insonlar xotirasini eʼzozlashi zarur.
Bu har bir vatanparvar oʻgʻil-qizning sharafli vazifasi, insoniylik burchidir.
Shuning uchun ham har yili mustaqillik shodiyonalari oldidan “Shahidlar maydoni”da, “Qatagʻon qurbonlari xotira maskani” qoshida vatan fidoyilari yod etiladi, tabarruk xotiralariga taʼzim bajo keltiriladi.
Ertasiga esa jasoratli ajdodlarimiz orzu qilgan Mustaqillik shodiyonalari davom etadi. Bugun shunday ulugʻ kun! Ammo pandemiya sababli bayram oilaviy tarzda oʻtkazilmoqda. Bu keyingi yillardagi toʻy-tomoshalar, shodiyonalarning sogʻlik – omonlikda oʻtishi uchun zamin boʻladi.
Bugungi qutlugʻ kunimiz, eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz — Mustaqilligimizning barqarorligi, mustahkamligi yoʻlida yana-da gʻayrat-shijoat bilan harakat qilib, ertangi kunimizning yana-da nurafshon boʻlishi uchun birgalikda kurashaylik.
Zero, ozod va obod Vatan kelajagi sizu bizning qoʻlimizda. Birgalikda har qanday sinovlarni mardonavor yengib oʻtishimizga ishonchim komil.
Yana bir bor ulugʻ ayyom muborak, aziz yurtdoshlar!
Ozodbek Nazarbekov,
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri