Maʼlumki, soʻnggi yillarda yurtimizning turli hududlarida yangi-yangi korxonalar, zamonaviy uy-joylar, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, zamonaviy yoʻllar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Shu bilan birga xalqimiz farovonligini yuksaltirish, hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan yirik loyihalar, ijtimoiy dasturlar amalga oshirilmoqda.

Aynan mana shunday bunyodkorlik ishlaridan biri — bu mustaqilligimizning 30 yilligiga munosib tuhfa boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi va Mustaqillik monumentidir.

Ochilish marosimida Prezidentimiz bu bogʻning meʼmoriy yechimlariga alohida eʼtibor qaratilgani va bunda olimlar, meʼmorlar va nuroniylarning tajribalari, fikrlari inobatga olinganini taʼkidlab oʻtdi.

“Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga yuqoridan qaraganda, bogʻning koʻrinishi daraxtning beshta shoxiga oʻxshash tasavvurni beradi. Bu esa, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishini ramziy ifoda etadi. Bogʻda yurtimiz aholisi va mehmonlarining sevimli dam olish maskaniga aylanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, sunʼiy koʻl, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, hunarmandchilik doʻkonlari barpo etilgan boʻlib, hududda manzarali noyob daraxtlar, gul-chechaklar bogʻga tashrif buyuruvchi mehmonlarning bahri dilini ochadi. Bogʻning oʻziga xos jihatlaridan biri, uning markaziy qismida, muhtasham obida — Mustaqillik monumenti barpo etilgan.

Bundan tashqari, bogʻ atrofida Olimpiya shaharchasi, zamonaviy oliy taʼlim muassasasi, tibbiyot klinikalari, xalqaro koʻrgazma markazlari va boshqa obyektlar qurilishi boshlab yuborilgan.

Prezidentimiz oʻz nutqida mamlakatimiz uchun global inqirozning ogʻir damlari ortda qolayotgani va iqtisodiyotimiz tarmoqlarining rivojlanish surʼatini aholining real yalpi daromadi 2016-yilga nisbatan 28 foizga oʻsgani, nominal hisoblangan oʻrtacha oylik ish haqi 2016-yilga nisbatan 2,1 barobarga oshganini taʼkidlab oʻtdi. Shu bilan birga, Prezident Farmoniga binoan, mamlakatimizda 1-sentyabrdan ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalar miqdorini yana oshirilgani aholi daromadi, turmush darajasini oshirishda alohida ahamiyatga ega.

Shubhasiz, mamalakatimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlari kishini quvontiradi.

Men, mamalakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning guvohi boʻlayotgan fuqaro sifatida shuni aytamanki, yangilanishlar keng qamrovli va barcha sohalarni oʻz ichiga olgan holda amalga oshirilmoqda. Taʼlim sohasida islohotlar haqida soʻz borganida yurtboshimiz taʼkidlab oʻtganidek, bobomiz Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli soʻzlarini yodga olmasdan ilojimiz yoʻq.

Taʼlim tizimiga bunday yondoshuv, har birimizga taʼlimni takomillashtirish, barkamol avlodni tarbiyalash, malakali kadrlar tayyorlash masʼuliyatini yuklaydi.

Yurtimizda faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgan yangi taʼlim maskanlari, taʼlim sohasiga yangicha yondoshuvlar, jahon tajribasini oʻrganish, zamonaviy taʼlim usullarini joriy etilishi bugungi kunda sohani rivojlantirishda muhim omil boʻlmoqda. Yurtimizda soʻnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazilgani, qabul kvotasi 3 barobar oshirilgani fikrimizning dalilidir.

Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan — 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu koʻrsatkichni 50-60 foizga yetkazish rejalashtirilgani taʼlim tizimidagi amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol misolidir.

Shu bilan birga ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalambor, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida kam taʼminlangan oilalarga — 2 mingta qoʻshimcha qabul kvotalari davlat granti sifatida ajratilmoqda. Bu esa oʻz navbatida yangicha va mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yoʻnalishlarda yuksak marralarni egallashida oʻziga xos ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Yaponiyada boʻlib oʻtgan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida sportchilarimizning koʻrsatgan natijalari, ayni kunlarda boʻlib oʻtayotgan Tokiodagi yozgi Paralimpiya oʻyinlarida koʻrsatilayotgan natijalar buning yaqqol dalilidir.

Rasul RAHMONOV,

Toshkent shahridagi

Vebster universiteti

ijrochi direktori