Dastur IT-mutaxassislari va ularning oila aʼzolariga qulaylik yaratish bilan birga, tez va oson koʻchib oʻtishga yordam beradigan xizmatlar toʻplamini oʻz ichiga oladi.

Dasturda quyidagi bepul va asosiy xizmatlar toʻplami mavjud:

- viza bilan taʼminlash (agar kerak boʻlsa);

- aeroport transferlari va transport;

- davlat va xususiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar tashkil etish;

- barcha qulayliklarga ega boʻlgan uy-joy tanlash;

- yirik IT-kompaniyalarda ishga joylashishda yordam berish yoki istiqbolli IT-loyihalarda ishtirok etish uchun taklifnoma;

- bolalar bogʻchasi va maktab bolalari uchun tanlov;

- Oʻzbekistonning tarixiy va tabiiy diqqatga sazovor joylariga oilaviy sayohatlarni tashkil etish;

- Oʻzbekistonga moslashish uchun maxsus dastur;

Shuningdek, IT-kompaniyalari uchun quyidagi bepul xizmatlar taqdim etiladi:

- kompaniyani tez va oson tarzda roʻyxatdan oʻtkazishda yordam berish;

- malakali xodimlarni tanlashda yordam berish;

- barcha qulayliklarga ega ofis maydonidan imtiyozli ravishda foydalanish;

Maʼlumot uchun: IT Park rezidenti tomonidan kompaniya roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng barcha xizmatlar bepul taqdim etiladi.

Nega aynan Oʻzbekiston?

Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanib, iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish va turmush darajasini oshirish maqsadida bir necha yil avval boshlangan islohotlar bugungi kunda oʻz natijasini koʻrsatmoqda. Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznesni yuritish – 2020” hisobotida Oʻzbekiston amalga oshirilayotgan islohotlar koʻlami va samaradorligi boʻyicha dunyodagi eng yaxshi 20 ta islohotchi davlat qatoriga kirdi.

Oʻzbekistonda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilingan boʻlib, unda yaqin yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida, jumladan, barcha tuzilmalar hamda davlat boshqaruvida 280 dan ortiq IT-loyihalarni joriy etish koʻzda tutilgan.

Mamlakatda startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 12 ta venchur fond ishga tushirildi, 40 dan ortiq xorijiy investor va mablagʻlar hisobidan 80 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻ jalb etildi.

Mamlakatimizda 130 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari, jumladan, 22 ta xorijiy oliy oʻquv yurtlari mavjud boʻlib, ularning diplomlari dunyoning koʻplab davlatlarida tan olingan.

Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 11 mingtaga yetdi, “Coca Cola”, “General Motors”, “Nestle" shular jumlasidandir.

IT mutaxassislari va IT kompaniyalari uchun ajratilgan imtiyozlar

Oʻzbekistonda 2028-yilgacha IT-kompaniyalari uchun katta soliq imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etilmoqda, xususan:

- barcha turdagi soliqlardan toʻliq ozod qilish;

- xodimlardan olinadigan daromad soligʻi stavkasi 7,5 foizgacha pasaytirildi;

- oʻz ehtiyojlari uchun dasturiy taʼminot va jihozlarni olib kirishda bojxona toʻlovlaridan toʻliq ozod qilish;

- valyuta oʻtkazmalarida cheklovlarning yoʻqligi.

Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimizda IT-mutaxassislari faol tayyorlanmoqda. Jumladan, barcha hududlarda 205 ta oʻquv IT markazlari tashkil etilib, ularda 85 mingdan ortiq talaba tahsil oldi. Mamlakatda 1 milliondan ortiq talabalarni birlashtirgan “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasi ishga tushirildi.

Respublikamizda Microfsoft, IBM, Oracle, HP, SAP, Cisco, EPAM, Exadel, iTechArt, HW, ZTE, Telegram, WhatsApp va boshqa mashhur kompaniyalar faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunga qadar 500 dan ortiq IT-kompaniyalar faqat IT Park rezidentlari hisoblanadi.