Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda J.Ortiqxoʻjayev mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston-Italiya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligiga 30 yil toʻlganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, Oʻzbekiston bilan Italiya oʻrtasida oʻzaro manfaatli aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, xususan, Toshkent shahriga ham qiziqish ortayotganligi, hozirgi kunda poytaxtimizda Italiya davlati bilan hamkorlikda 19 ta qoʻshma korxona faoliyat yuritayotganini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, Agostino Pinna Toshkent bilan oʻzaro manfaatli aloqalarning rivojlanish istiqbollariga yuqori baho berib, oʻzaro tovar aylanmasining yillik miqdori ham tobora oʻsib borayotgani, poytaxtimizdagi italiyalik tadbirkorlar soni koʻpayayotganini aytib, J. Ortiqxoʻjayevni “EXPO-2030” Butunjahon koʻrgazmasini Rim shahrida oʻtkazish gʻoyasining targʻiboti doirasida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Romeo Orlandi bilan tanishtirdi.

Romeo Orlandi dastlab Toshkentga 2000-yillarda kelgani va bu galgi tashrifi chogʻida shahrimiz qiyofasi tubdan oʻzgarganining guvohi boʻlganini, iqtisodchi sifatida bu oʻzgarishlarga ijobiy baho berishini, hozirgi paytda poytaxtimizda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarda italiyalik investorlar ishtirok etayotganligidan mamnunligini bildirdi. Shuningdek, Rim shahri Pusan, Odessa hamda Er-Riyod shaharlari bilan bir qatorda “EXPO-2030” Butunjahon koʻrgazmasini oʻtkazishga nomzod ekanini taʼkidlab, Toshkent hokimini uch ming yillik tarixga ega Rim shahriga taklif qildi.

J. Ortiqxoʻjayev taklif uchun alohida minnatdorchilik bildirib, Rim shahri bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanligini maʼlum qildi.