Yurtimizda boʻlib oʻtayotgan INNOPROM-2023 doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi koʻmagida “Illogic” (Italiya) va “Mind as Engine” (Oʻzbekiston) oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi.
Mazkur hamkorlik bitimi sanoatning samaradorligi va xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
MyDigitalHelmet™ – dasturiy-apparat majmuasi, video va audio kontent oqimidan foydalangan holda operatorlarga masofaviy yordam koʻrsatish imkonini beruvchi aqlli dubulgʻa hisoblanadi. Qurilma xodimlarni masofaviy malaka markaziga ulaydi hamda ularga real vaqt rejimida axborot almashish imkonini beradi.
- Oʻzbekiston raqamli uygʻonish yoqasida va biz INNOPROM-2023 tashrif buyuruvchilar bilan oʻz bilimlarimizni baham koʻrish imkoniga egamiz, – deydi Illogic kompaniyasi vakili Fabio Kaksiatori.
Bundan tashqari, hamkorlikning asosiy maqsadlari texnologiyalar transferini amalga oshirish, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish sohasida qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va MyDigitalHelmet™ joriy qilish va uni Markaziy Osiyo bozoriga tatbiq etishdan iborat.
Mind as Engine boshqaruvi raisi Elmurod Rasulmuhamedovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi hududida texnologiyalar transferini ishlab chiqish va amalga oshirishga 1 million yevrodan ortiq sarmoya kiritish rejalashtirilmoqda.
- Innovatsiyalarni rivojlantirish mamlakat taraqqiyotining eng muhim omillaridan biridir. Innovatsiyalarda texnologiyalar transferi alohida oʻrin tutadi. Birinchidan, texnologiyalar transferini rivojlantirish tufayli Oʻzbekiston Respublikasi hududida yangi texnologik ishlab chiqarish quvvatlari paydo boʻladi. Ikkinchidan, bu mintaqaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimini shakllantiradi, uchinchidan, bu yangi texnologik kompaniyalarning shakllanishi demakdir. Buning isboti sifatida yangi yuqori texnologiyali ish oʻrinlari yaratilmoqda va buning natijasida ichki bozorga yoʻnaltirilgan, shuningdek eksportda ham talabga ega boʻladigan mahsulot ishlab chiqarilmoqda, — deya xulosa qildi Innovatsion rivojlanish agentligi vakili Jamoliddin Babaxonov.