Do'stlik guruhi, bu – Italiya parlamenti a'zolari guruhi sanalib, ixtiyoriy ravishda Italiya parlamenti va boshqa davlatlar parlamentlari (yoki mintaqadagi bir guruh davlatlar) o'rtasida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.

Uchrashuvda Markaz direktori E.Tulyakov «Italiya – Markaziy Osiyo» do'stlik guruhi a'zolarini 2022 – 2026 yillarda Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi bo'yicha qabul qilingan asosiy yo'nalishlari bilan batafsil tanishtirdi. Unda ushbu Strategiya Harakatlar strategiyasining uzviy davomi bo'lib, hujjatda bugungi globallashuv jarayonlaridan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yo'nalish birlashtirilgani, har bir yo'nalishda belgilangan vazifalar yuz maqsad bilan aniq ko'rsatib qo'yilgani alohida e'tirof etildi.

Shuningdek, E.Tulyakov «Taraqqiyot strategiyasi» markazi O'zbekiston Parlamenti bilan taraqqiyot strategiyasining bajarilishini monitoring qilish, erishilgan natijalarni jamoatchilik muhokamasi va ayrim sohalarni xorijiy tajribaga asoslangan holda isloh qilishda normativ hujjatlarni takomillashtirish bo'yicha asosli takliflar tayyorlash borasida ham yaqin hamkorlik o'rnatganini ta'kidlab o'tdi.

Uchrashuvda so'zga chiqqan «Italiya – Markaziy Osiyo» do'stlik guruhi raisi Simona Suriano so'nggi yillarda O'zbekiston – Italiya munosabatlari jadal rivojlanayotganini e'tirof etdi. U, shuningdek, O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda parlamentlarning o'rni, o'zaro manfaatli savdo-iqtisodiy, huquqiy, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashning ahamiyati haqida so'z yuritdi.

Uchrashuv yakunida mezbonlar 2022 – 2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Simona Suriano esa hamkorlikning kelgusidagi rejalarini batafsil muhokama qilish uchun yaqin kelajakda O'zbekiston parlamentining Italiyaga tashrif buyurishiga umid bildirdi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

Axborot xizmati